Inson sha’ni va qadr-qimmati ulug‘lanmoqda
Surxondaryo viloyatida ham joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan referendumga bag‘ishlangan uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga OzLiDePdan saylangan deputatlar ham janubdagi vohada bo‘lib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi 2-kasb-hunar maktabida bo‘lib o‘tgan ana shunday uchrashuvlardan birida hududdagi 12 ta mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari, o‘qituvchilar, partiya faollari ishtirok etdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Samatov Asosiy Qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, ulardagi normalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilanmoqda, – dedi deputat. – Xususan, “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida inson huquqlariga doir normalar 3,5 barobarga, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar 3 barobarga ko‘paydi. Undagi moddalar amaldagi 128 tadan 155 taga yetdi, normalar 275 tadan 434 taga oshdi. Masalan, yangilanayotgan Bosh Qomusimizda o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoyalash, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda. Bu qoidalar ayni paytda mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan 685 mingdan ortiq o‘qituvchining professional o‘sishi, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlanishini, ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tumandagi Markaziy poliklinika va tuman hokimligida o‘tkazilgan targ‘ibot-tushuntirish tadbirida raqobatbardosh milliy iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanayotgani haqida so‘z yuritildi. Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgani, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilayotgani xususida fikr almashilib, bularning barchasi xalqimiz sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza qilib, onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.

– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qoidalar ham takomillashtirildi, – dedi F.Samadov. – Jumladan, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratishi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashishi, zarur axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashi mustahkamlandi.
Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. 30 aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri