Inson qadri va ijtimoiy himoya — ustuvor vazifa
Qaror va ijro
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va hayot sifatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu ezgu sa’y-harakatlar, ayniqsa, mahalla tizimi faoliyatida o‘zining amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning muammolarini manzilli hal etish va ularning munosib hayot kechirishini ta’minlash bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, kam ta’minlangan hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ularni bandlikka jalb qilish, kasb-hunarga o‘qitish, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish, ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish kabi vazifalar mahalla darajasida samarali tashkil etilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyat boshqarmasining tuman-shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali aholiga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Joriy yilning birinchi choragida mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar muammolari yuzasidan 142 mingdan ortiq murojaat qabul qilingan. Shundan 103 mingdan ziyodi bo‘yicha ijobiy yechimlar topildi. Shuningdek, 5 mingdan ortiq shaxsga professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida individual rejalar ishlab chiqilgan.

Bu kabi ishlar amalda qanday natija berayotganini aniq misollarda ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Piskent tumanida yashovchi Iroda Abdujamolova oilasi ijtimoiy reyestrga kiritilgan bo‘lib, oilada qator ijtimoiy muammolar mavjud edi. Turmush o‘rtog‘ining ishsizligi, farzandlar salomatligi bilan bog‘liq masalalar oilaning turmush sharoitiga ta’sir ko‘rsatayotgandi.
Ijtimoiy xodimlar tomonidan mazkur oila holati o‘rganilib, aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, farzandlar ta’lim muassasalariga joylashtirildi. Nogironligi bo‘lgan farzand uchun zarur tibbiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi, aravacha bilan ta’minlandi. Shuningdek, oila boshlig‘ining bandligi ta’minlandi, farzandlarning qo‘shimcha ta’lim to‘garaklariga jalb qilinishiga ko‘mak berildi. Bugungi kunda ushbu oilaning ijtimoiy holati va oilaviy muhiti sezilarli darajada yaxshilangan.

Mahallalarda ijtimoiy xodimlar tashabbusi bilan aholining faolligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan miniloyihalar ham keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi "Sholikor" MFY ijtimoiy xodimi Nodira Haydaraliyeva tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” loyihasi ishga tushirildi.
Ushbu tashabbus doirasida bir fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berildi. Natijada u o‘z xonadonida sartaroshxona va maishiy texnika ta’mirlash ustaxonasini tashkil qildi.
Bu orqali nafaqat oilaning daromadi ikki-uch barobarga oshdi, balki boshqa ehtiyojmand fuqarolarning ham ish o‘rganishi va bandligiga imkoniyat yaratildi. Hozirgi kunda ushbu oilaning daromadi belgilangan mezondan yuqori bo‘lib, ular kambag‘allik reyestridan chiqarilgan.
— Bundan tashqari, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi "2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarori doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar ham izchil davom etmoqda, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mursultonov. — Qarorga muvofiq, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan hamda davlat ta’minoti toifasiga mansub, mehnatga layoqatsiz va tarkibida I guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalarning xonadonlarini energiya tejamkor holatga keltirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali nafaqat uy-joy sharoitlarini yaxshilash, balki energiya sarfini kamaytirish hisobiga oilalarning kundalik xarajatlarini qisqartirish ham ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozirgi kunda Toshkent viloyatida mazkur qaror bo‘yicha jami 103 ta oila xonadonini energiya tejamkor holatga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar tashkil etilgan. Mutaxassislar tomonidan uy-joylarning texnik holati o‘rganilib, ularni yanada qulay va zamonaviy talablarga moslashtirish maqsadida energiya tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda.
Xususan, Chirchiq shahridagi Guliston mahallasida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Chagay Yevgeniy xonadonida ham mazkur dastur doirasida ta’mirlash va energiya tejamkorlikka qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Fuqaro esa bundan mamnun.
Shubhasiz, bunday ezgu tashabbuslar aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa, imkoniyati cheklangan fuqarolar va ularning oila a’zolariga munosib turmush sharoitlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A. Musayev, O‘zA