Inson qadri ustuvor
Mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy xizmatlar tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarni munosib hayot bilan ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ilgari surilayotgan tashabbuslar natijasida mamlakatimizda har bir insonning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, mustaqil hayot kechirishi va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlardan biri Buxoro shahrining “Guliston” mahallasida amalga oshirildi. Bu yerda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida “Mustaqil qadam” kunduzgi qatnov asosida qarab turish markazi o‘z faoliyatini boshladi. Tadbirkor Mironshoh Jabborov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur markaz nafaqat ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasasi, balki ehtiyojmand insonlarga umid, ishonch va hayotga bo‘lgan intilish bag‘ishlayotgan mehr maskaniga aylanmoqda.
Markazda bugungi kunda 8 nafar xizmat oluvchi doimiy ravishda parvarishlanmoqda. Ular orasida insultdan keyingi asoratlar tufayli harakatlanish, nutq yoki xotirasida qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolar, ko‘zi ojiz shaxslar, poliartrit bilan og‘riyotganlar hamda infarktdan keyin sog‘lig‘ini tiklayotgan insonlar bor.
Bu yerda ular uchun kundalik parvarish, ijtimoiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, jismoniy mashg‘ulotlar, reabilitatsiya xizmatlari hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga qaratilgan turli tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi, xizmat oluvchilar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his etib, mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Dasturning amaliy samarasi raqamlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, 2024-yilda mazkur xizmatlardan 767 nafar fuqaro bahramand bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich qariyb uch barobar oshib, 1 949 nafarga yetdi. Joriy yil yakuniga qadar esa yana 2 123 nafar ehtiyojmand fuqaroni ushbu xizmatlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Bu raqamlar mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi tobora takomillashib borayotgani, inson salomatligi va farovonligiga qaratilayotgan e’tibor amaliy natija berayotganining yorqin isbotidir. Zero, har bir insonning taqdiri, uning munosib hayot kechirishi davlat siyosati markazida turgan Yangi O‘zbekistonda bunday markazlar nafaqat tibbiy yoki ijtimoiy xizmat ko‘rsatadi, balki inson qalbiga umid, ishonch va yashashga bo‘lgan intilishni qaytaradi.
“Mustaqil qadam” markazi faoliyati shuni yana bir bor tasdiqlaydiki, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlikka tayangan jamiyatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan bu kabi ezgu tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning eng ulug‘ boyligi — inson manfaati va baxtli hayotini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarning amaliy ifodasi sifatida yurtdoshlarimiz qalbida chuqur iftixor va ishonch uyg‘otmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri