Inson qadri ulug‘langan asosiy hujjat
Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi keng nishonlanmoqda. Idora va tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida, mahallalarda mustaqil davlatimizning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilayotgan Bosh qomusimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida suhbatlar tashkil etilmoqda.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va Markaziy Kengashi hamkorligida «Konstitutsiya – farovon hayotimiz poydevori» mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida ham shu xususida so‘z bordi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Firdavs Sharipov, Maqsuda Vorisova, Yoshlar parlamenti a’zosi Gulbonu Quvvatova ma’ruza qilib, Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyati, undagi muhim tamoyil va qoidalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Konstitutsiyamiz «Inson qadri uchun» degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishda qonunlarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotgani, u orqali insonning fundamental huquq va erkinliklari ta’minlanayotgani alohida qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi yaratib berish hayotiy maqsadga aylandi. Shu sababli Konstitutsiyamiz siyosiy hamda huquqiy erkinlikning buyuk timsoli sifatida xalqimiz qalbidan mustahkam o‘rin oldi, mamlakatning har bir fuqarosi e’zozlovchi ijtimoiy qadriyatga, oliy ma’naviy ne’matga aylandi.
Bosh qomusimiz dunyodagi eng xalqchil, eng demokratik hujjatlardan biri sifatida hayotimiz farovonligi, jamiyatimiz ravnaqi va mamlakatimiz erishayotgan barcha yutuq va muvaffaqiyatlarga mustahkam asos, poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA