Inson qadri, manfaati barcha narsadan ustun
Buxoro viloyati Shofirkon tumani mahallalaridagi xotin-qizlar faollari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida aniqlangan muammolar hamkor tashkilotlar tomonidan o‘z yechimini topmoqda.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi negizida “Mahallada ijtimoiy xizmat” avtomatlashtirilgan maxsus elektron moduli ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra mahallalarda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman shtabi tashkil etilgan. Xotin-qizlar muammolarini bartaraf etishda mazkur tizimlar va mas’ul tashkilotlar hamkorligida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.


Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasi bilan birgalikda olib borilgan hamkorlik asosida reabilitatsiya vositalari olishga muhtoj 66 nafar fuqaro aniqlandi.
Shofirkon tumani hokimi Alisher Fayzilloyev boshchiligida “Oila va xotin-qizlar maqsadli jamg‘armasi” tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan tumandagi nogironligi bor, reabilitatsiya vositalariga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga zarur anjomlar topshirildi.


– Yordamga muhtojlarga ko‘maklashish, mehr va muruvvat ko‘rsatish azaliy qadriyatlardan biri hisoblanadi, – deydi tuman hokimi Alisher Fayzilloyev. – Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan ularga alohida e’tibor qaratilayotgani ham e’tiborlidir. Zero, bu mamlakatimizda inson qadri, manfaati barcha narsadan ustun tamoyili ustuvorligidan dalolat beradi.
Yurtimizda keksalar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat va jamiyatimizning doimiy g‘amxo‘rligi ostida. Ayniqsa, keyingi yillarda ularga munosabat tubdan o‘zgardi va ijtimoiy muhofazasi yanada mustahkamlandi. Bu borada tumanda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.


Shuningdek, tuman hokimi boshchiligida oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Tursunoy Yo‘ldosheva, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Dilorom G‘afforovalar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar holidan xabar oldi.
Jo‘ynavlik Zuhra Haydarova, Baxtigul Axtamovalar hamda iskogarelik Halovat Bozorovalar xonadonida bo‘lgan mas’ullar ularning salomatligi, yashash sharoiti bilan tanishdi. Imkoniyati cheklangan bu fuqarolarning ko‘nglini ko‘targan tuman rahbari ularga nogironlik aravachalarini topshirdi.
Xuddi shu kabi nogironligi bo‘lgan 15 nafar xotin-qizlarga nogironlik aravachalari, 4 nafariga esa eshitish moslamalari berildi.
Zarif Komilov, O‘zA