Inson qadri — daxlsiz, erkinlik — bebaho
Kogonda odam savdosining oldini olish, inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Insonning taqdiri — raqam emas. Uning orzusi, umidi, oilasi, mehnati va erkinligi bor. Shu bois insonni aldov, majburlash, ekspluatatsiya yoki boshqa g‘arazli maqsadlar yo‘lida vositaga aylantirish nafaqat bir shaxsning, balki butun jamiyatning tinchligi va ma’naviy asoslariga tahdid soladi.
Bugun odam savdosining oldini olish masalasiga shunchaki huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi sifatida emas, balki inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni turli xavf-xatarlardan asrashga qaratilgan keng ijtimoiy vazifa sifatida qaralmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab kelinmoqda. Bu borada huquqiy va institutsional mexanizmlar ham izchil takomillashtirilmoqda. Xususan, 2026-yil 3-avgustda qabul qilingan Prezident farmoni odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash, ularni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish va jamiyatga integratsiya qilish tizimini yanada takomillashtirishni nazarda tutadi. Ana shunday ezgu maqsadlar Buxoro viloyati Kogon shahrida tashkil etilgan davra suhbatida ham o‘zining amaliy ifodasini topdi.


Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Buxoro viloyat Kengashi raisi Maqsud Hamidov, Kogon shahar hokimi Mirshakar To‘raboyev, shahar Kengashi raisi Zarnigor Tosheva hamda hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, faollar ishtirok etishdi.
Suhbatda odam savdosi inson huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi jiddiy ijtimoiy muammolardan biri ekani ta’kidlandi. Zero, uning ortida ko‘pincha insonning ishonchidan foydalanish, yolg‘on va’dalar bilan aldash, og‘ir mehnat yoki ekspluatatsiyaga majburlash, huquqiy jihatdan himoyasiz holatdan foydalanish kabi holatlar yotadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, odam savdosiga qarshi eng samarali choralardan biri — uning oldini olish, ya’ni insonni xavf haqida oldindan ogohlantirishdir.
Davra suhbatida fuqarolarni xorijda ishlashga jalb etish jarayonida qonuniylikka rioya qilish, mehnat migratsiyasi davrida uchrashi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan ogoh bo‘lish, ish beruvchi va vositachi haqida ma’lumotlarni tekshirish, rasmiy mehnat shartnomasiga ega bo‘lishning ahamiyati haqida fikr almashildi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki bugun axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli va’dalar bilan insonlarni ishonchga kiritish, oson daromad va’da qilish yoki xorijda yuqori maoshli ish taklif etish kabi usullardan foydalanish holatlari uchrashi mumkin. Bunday vaziyatda har bir insonning hushyorligi, huquqiy savodxonligi va qaror qabul qilishda mas’uliyat bilan yondashishi muhim.
O‘zbekistonning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligida ham qonuniylik, javobgarlikning muqarrarligi, jabrlanganlarni kamsitmaslik va ijtimoiy sheriklik asosiy prinsiplar sifatida belgilangan. Demak, bu yo‘nalishda faqat bir tashkilot yoki bir idoraning harakati bilan cheklanib qolish mumkin emas. Davlat organlari, mahalla, jamoat birlashmalari, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va har bir fuqaroning mas’uliyati uyg‘unlashgandagina profilaktika ishlari samarasi yanada ortadi.
Davra suhbatida odam savdosining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni izchil davom ettirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ayniqsa, yoshlar, mehnat migratsiyasiga otlanayotgan fuqarolar va ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlar bilan manzilli tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.


Muhimi, har qanday profilaktika tadbiri qog‘ozdagi hisobot uchun emas, inson taqdirini asrash uchun xizmat qilishi kerak. Zero, bir kishining aldov domiga tushib qolishining oldi olinsa — bir oiladagi iztirob bartaraf etiladi. Bir yosh xavfdan ogohlantirilsa — uning kelajagi asrab qolinadi. Bir inson o‘z huquqini bilsa — uning erkinligi va qadr-qimmatiga tajovuz qilish ancha qiyinlashadi. Shu ma’noda, huquqiy madaniyatni yuksaltirish — odam savdosiga qarshi kurashning eng muhim profilaktik poydevorlaridan biridir.
Tadbir yakunida yana bir ezgu an’anaga yo‘l ochildi. Kogon shahar Kengashi raisi Zarnigor Toshevaga O‘zbekiston “Adolat” SDPning “Adolat” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Mazkur e’tirof uning partiya va jamoatchilik hayotidagi faoliyati, jamiyat manfaatlariga xizmat qilish yo‘lidagi mehnatiga berilgan munosib baho sifatida qayd etildi. Shuningdek, 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh pedagoglarga ta’lim-tarbiya sohasidagi samarali mehnati, yosh avlod kamolotiga qo‘shayotgan munosib hissasi va fidoyiligi uchun tashakkurnomalar topshirildi.
Bu holat tadbir mazmuniga yana bir ma’naviy jihat bag‘ishladi. Zero, inson huquqlarini himoya qilish haqida so‘z borgan joyda insonni tarbiyalash, unga bilim berish va huquqiy ongini shakllantirish masalasi ham chetda qolmasligi kerak.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri