Inson kapitali: taraqqiyotning asosiy mezoni
Zamonaviy dunyoda davlat qudrati faqat tabiiy boylik yoki harbiy salohiyat bilan o‘lchanmaydi. Mamlakatning raqobatbardoshligi inson kapitali sifati – adolatli sud tizimi, sifatli ta’lim, samarali sog‘liqni saqlash, rivojlangan tadbirkorlik muhiti va kuchli davlat institutlariga ham bog‘liq. Ana shu omillar ichki taraqqiyotni ta’minlabgina qolmay, mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rni va ta’sirini ham belgilaydi.
Tashqi siyosatda muvaffaqiyatga erishish ham mamlakatning ichki salohiyatiga tayanadi. Qonun ustuvorligi ta’minlangan, iqtisodiyoti barqaror, aholisi bilimli va tadbirkorligi rivojlangan davlat xalqaro munosabatda ishonchli hamkor sifatida qabul qilinadi. Shu bois inson kapitali va tashqi siyosat bir-birini to‘ldiruvchi yo‘nalishlar hisoblanadi.
So‘nggi yillarda sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Sudyalar korpusini shakllantirish tartibi qayta ko‘rib chiqildi, Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarning muddatsiz vakolat tizimi joriy etildi. Shuningdek, sudyalikka nomzodlarni mahalliy ijro hokimiyati bilan kelishish amaliyoti bekor qilinib, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslar mustahkamlandi.
Tarkibiy o‘zgarishlar ham sud tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qildi. Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlardan iborat ixtisoslashgan tizim shakllantirildi. Ayniqsa ma’muriy sud faoliyati fuqarolarga davlat idoralari qarori ustidan samarali huquqiy himoya vositasini taqdim etdi. Bu davlat va jamiyat munosabatida qonun ustuvorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson huquqini ishonchli himoya qilishga qaratilgan mexanizm ham mustahkamlandi. Tergov sudyasi instituti tashkil etildi, qonunga xilof usul bilan olingan dalil sudda qo‘llanishiga chek qo‘yildi. Ayni o‘zgarishlar jinoyat protsessida shaxs huquqi himoyasi kafolatini sezilarli darajada kuchaytirdi.
Sud ishini raqamlashtirish ham islohotning muhim qismidir. Elektron sud yurituvi, ishni elektron taqsimlash, sud majlisini audio va video yozuvga olish, qarorni ochiq e’lon qilish hamda masofaviy ishtirok imkoniyati sud tizimi shaffofligi va ochiqligini oshirdi. Shu tariqa inson omili bilan bog‘liq xavf kamayib, adolatli sudlovni ta’minlash imkoniyati kengaydi.
Tabiiyki, sud tizimini yanada takomillashtirish vazifasi kun tartibidan tushgani yo‘q. Sud mustaqilligini amalda kuchaytirish, qaror sifatini yaxshilash, aholining adliyaga yetish imkoniyatini kengaytirish, sud hujjatlari ijrosini ta’minlash va jinoyat protsessida ayblovga moyillikni qisqartirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bu islohotlar bir haqiqatni tasdiqlaydi: adolatli sud tizimi nafaqat huquq sohasi, balki iqtisodiy rivojlanish, investitsiya muhiti va davlatning xalqaro obro‘sini belgilaydigan muhim institutlardir.
Oila, yoshlar va tadbirkorlik: inson kapitaliga sarmoya
Inson kapitalini rivojlantirishda oila instituti va yoshlar siyosati alohida o‘rin tutadi. Aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etayotgan sharoitda ularning bilim olishi, kasb egallashi, ish bilan ta’minlanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois oila va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining strategik yo‘nalishi sifatida shakllantirildi.
Bu jarayonda institutsional asos mustahkamlandi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirildi, Yoshlar ishlari agentligi faoliyati takomillashtirildi, “Davlat yoshlar siyosati to‘g‘risida”gi qonun hamda Oila kodeksining yangi tahriri qabul qilindi. Shuningdek, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ko‘makka muhtoj aholi qatlami bilan manzilli ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida imtiyozli kredit, kasb-hunarga o‘qitish, subsidiya va ish bilan ta’minlash dasturi amalga oshirilmoqda. Yoshlar markazlari, texnoparklar, sport inshootlari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari ham aynan inson kapitali sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bunday tashabbuslar yoshlarni ish izlovchidan ish o‘rni yaratuvchi sub’ektga aylantirishga qaratilgan.
Xotin-qizlarning huquqi va imkoniyatini kengaytirish ham muhim yo‘nalish. Gender tenglik, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonunlar qabul qilindi, himoya orderi tizimi joriy etildi, reabilitatsiya markazlari tashkil etildi. Qizlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi imkoniyati kengaytirilib, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus moliyaviy dasturlar ishga tushirildi.
Inson kapitali faqat ijtimoiy himoya bilan shakllanmaydi. Bu boradagi yana bir muhim tayanch xususiy tashabbus va tadbirkorlikdir. So‘nggi yillarda biznes yuritish tartib-taomili sezilarli darajada soddalashtirildi. Korxonani elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etildi, litsenziya va ruxsatnoma talab qilinadigan faoliyat turlari kamaytirildi, tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishga moratoriy qo‘llandi, biznes-ombudsman instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Soliq sohasidagi islohot ham tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qilyapti. Soliq turi kamaytirildi, ma’muriy tartib soddalashdi, qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblashning zamonaviy mexanizmi joriy etildi, mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga tushadigan yuklama kamaytirildi. Bu holat rasmiy bandlikni kengaytirish va biznes yuritish xarajatini qisqartirishga olib keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari, kafolat mexanizmi, imtiyozli kredit dasturlari hamda elektron savdo platformalari rivojlantirilishi tufayli yangi biznes sub’ektlari paydo bo‘lyapti. Ayniqsa raqamli xizmat kengayishi tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatni kamaytirish imkonini yaratdi.
Shu bilan birga kelgusi bosqichda hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ham dolzarb. Masalan, kichik biznesning moliya resurslariga yetish imkoniyatini kengaytirish, raqobat uchun teng sharoit yaratish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, tashqi bozorga chiqishni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish kabi masalalar ustuvor ahamiyatga ega.
Musulmon Ziyo, O‘zA