Inson huquqlarini taʼminlash hamisha dolzarb
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2020-yil 11-mart kuni yangi koronavirus – COVID-19 virusining epidemiya holati, yaʼni bir hudud chegarasidan chiqib, sayyoramizning 150 dan ortiq mamlakatiga tarqalib ulgurgan pandemiyaga aylanganini eʼlon qildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2020-yil 11-mart kuni yangi koronavirus – COVID-19 virusining epidemiya holati, yaʼni bir hudud chegarasidan chiqib, sayyoramizning 150 dan ortiq mamlakatiga tarqalib ulgurgan pandemiyaga aylanganini eʼlon qildi.
BMT Bosh kotibi A.Guterrish jahon jamoatchiligini koronavirusga qarshi kurashishga daʼvat etar ekan, “Pandemiya bizning insoniyat oilasi barcha aʼzolari oʻrtasida mustahkam va uzilmas rishtalar mavjud ekanini koʻrsatdi“, deya taʼkidladi. Shu maʼnoda, COVID-19 virusi yana-da keng tarqalishining oldini olish insoniyatning umumiy va yakdil vazifasi ekani alohida qayd etildi.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet 13-mart kungi bayonotida COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi choralarni joriy etayotgan hukumatlar bunday choralarning inson hayotiga xavf solishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarini kamaytirish yuzasidan bir qator qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarurligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, COVID-19 virusiga chalinish hollari qayd etilgan mamlakatlar hukumatlarini toqatsizlik va kamsitish (diskriminatsiya) holatlariga qarshi kurashish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga chaqirdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus 2020-yil 16-mart kuni COVID-19 virusi boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida “Oldimizda turgan kunlar, haftalar va oylar bizning qatʼiyatimiz, ilm-fanga nisbatan ishonchimiz va oʻzaro birdamligimizni sinovdan oʻtkazish davri boʻlishi tayin. Bu davrda insoniyat birdamligining ushbu hayratomuz ruhi dunyo boʻylab virusdan koʻra kengroq yoyilishi kerak. Garchi bir-birimizdan maʼlum muddatgacha jisman uzoqroq boʻlishimiz ehtimoli mavjud boʻlsa-da, biz shu vaqtgacha misli koʻrilmagan miqyosda birlashish imkoniyati oldida turibmiz“, dedi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston hukumati koronavirus infeksiyasi mamlakatimiz hududida keng tarqalmasligi uchun barcha zarur choralarni koʻrmoqda. Yurtimizda Respublika koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan aniq chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xususan, televideniye, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqa shu kabi ilgʻor ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda aholi oʻrtasida samarali sanitariya-targʻibot ishlari olib borilmoqda. Bunda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga olib keladigan sabab va sharoitlar, shuningdek, uning oldini olish choralari haqida fuqarolarga atroflicha tushuntirish berilmoqda.
Insonning yashash, sogʻligʻini saqlash va axborot olish huquqlarini taʼminlash boʻyicha qonunchilik talablari doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Virusga qarshi kurashishning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarga taʼsirini yumshatish boʻyicha aniq vazifalar bajarilmoqda.
Jumladan, 16-martdan eʼtiboran yagona favqulodda aloqa tizimi (1003 raqamda) ishga tushirildi. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga quyidagi raqam boʻyicha murojaat qilish mumkin: 71 276-49-66.
Ayni chogʻda, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasiga chalinganlarning shaxsiy maʼlumotiga doir axborotlar tarqalgani ham kuzatilmoqda. Vaholanki, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor “tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganligi, sogʻligʻining holati, qoʻyilgan tashxis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda uni tekshirish va davolash chogʻida olingan boshqa maʼlumotlar sir saqlanishi” huquqiga ega.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining quyidagi chaqiriqlariga keng jamoatchilik eʼtiborini qaratadi:
– COVID-19 virusi tarqalishiga doir vaziyat va undan himoyalanish choralari boʻyicha maʼlumotlardan foydalanishda ishonchli axborot manbalariga tayanish;
– oʻzaro gʻamxoʻrlik koʻrsatish va birdamlikni namoyish etish, yaqinlar va qarindosh-urugʻlar bilan doimiy muloqotda boʻlish;
– pandemiyaga qarshi kurashning boshida turgan tibbiyot xodimlarining shu kunlardagi fidoyi xizmatlarini yodda tutish;
– infeksiyaga chalinganlarga nisbatan, masalan, “koronavirus qurbonlari” kabi har xil “atamalar”ni qoʻllashdan tiyilish;
– insoniylikni namoyon etish. Binobarin, koronavirus qandaydir millat yoki irqqa mansub kasallik emas, ushbu infeksiyaga chalinganlar sizga hech qanday yomonlikni ravo koʻrmaydi – ular madadimiz va hamdardligimizga loyiqdirlar.
COVID-19 virusi jamiyatimizning jipsligini sinaydigan oʻziga xos imtihondir. Binobarin, har birimiz koronavirusning tarqalishiga qarshi birgalikda ahillik bilan kurashish asnosida ushbu sinovdan muvaffaqiyatli oʻtishni oʻrganamiz va zarur koʻnikmalar hosil qilamiz.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi.