Inson huquqlari va manfaatlari oliy qadriyat
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat qurish hamda odil fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamda islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur islohotlaring muhim yo‘nalishlaridan biri fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatni ta’minlovchi huquqiy kafolatlar tizimini yaratishga qaratilgan. Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining har qanday manfaatlardan, hatto davlat manfaatidan ham ustunligini shakllantirmasdan ustuvor maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarish mumkin emas. Shuningdek, demokratik huquqiy davlatning muhim belgisi bu inson huquqlari bo‘lib, bu huquqlarsiz fuqarolik jamiyatini shakllantirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu sababli, inson huquqlari va uning kafolati har bir davlatning demokratik taraqqiyot darajasini ko‘rsatuvchi muhim mezon hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 28 yanvar kuni «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmon imzolandi va ushbu farmon asosida yettita yo‘nalish va yuz maqsadni o‘z ichiga olgan Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjat mamlakatimizning keyingi besh yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratishga qaratilgan bo‘lib, hech shubhasiz, inson qadri va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, huquqiy demokratik davlat qurish va odil fuqarolik jamiyatini shakllantirishni taqozo etadi.
Jahon miqyosida murakkab jarayonlarni hamda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda, yurtimizning turli sohalarini rivojlantirishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi quyidagi asosiy 7 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:
- Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
- Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
- Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
- Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
- Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
- Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
- Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.
Ushbu yo‘nalishlarda ham jamiyat rivojlanishida va shakllanib borishida eng asosiy kuch bu – inson va uning manfaatlari ekanligini ta’kidlanadi. Asosiy qomusimiz bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham aynan shu qoidaga tayangan holda inson manfaatlari ustunligi, inson va uning hayoti, erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi va inson huquqlari va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan himoya qilinishi ta’kidlab o‘tilgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy tamoyillarga tayanadi va insonning daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deb hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda oliy qadriyat himoyalash hamda adolatli fuqarolik jamiyati hamda huquqiy davlat barpo etishga xizmat qilish yo‘lidagi dastur deb aytishimiz mumkin.
Mirgiyazova Munisa,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi