Inson huquqlari – bolalar nigohida
1 iyun – Xalqaro bolalar kuni munosabati bilan “Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovning dastlabki bosqichi g‘oliblari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazida taqdirlandi.
Tadbirda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar, davlatimiz tomonidan bolalarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan “Tong yulduzi” hamda “Klass!” gazetalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanlovi bolalarda, ayniqsa, maktab o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Buni tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar salmog‘i va sifatidan ham sezish mumkin. Hakamlar hay’ati odillik va shaffoflik mezonlari asosida eng munosib ijodiy ishlarni saralab oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz xodimlari va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda tanlovning dastlabki bosqichi g‘olib va sovrindorlari bilan e’lon qilindi.

“Eng yaxshi maqola va insho” nominatsiyasi bo‘yicha: Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi 54-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Yahyobek Jumanov, Toshkent shahridagi 280-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Malika Madaminova – birinchi, Toshkent viloyati Angren shahridagi 21-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Muslimaxon Rahmonberdiyeva, Toshkent viloyati G‘azalkent shahridagi 20-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Nuriza Fozilova – ikkinchi, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi Alohida ta’limga ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan 199-sonli davlat ta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Nafisaxon Asqarxo‘jayeva – uchinchi o‘rinni egalladi.
“Eng yaxshi she’r” nominatsiyasi bo‘yicha: Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi 70-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Saodatoy Mahammadsiddiqova, Toshkent shahridagi 240-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Aleksandra Savina – birinchi, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 55-sonli maktabning 3-sinf o‘quvchisi Shahzoda Allayarova – ikkinchi o‘ringa munosib, deb topildi.
“Eng yaxshi rasm” nominatsiyasi bo‘yicha: Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi 44-sonli maktabning 7-sinf o‘quvchisi Mubinaxon Siddiqova, Toshkent shahridagi 5-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Laziza Xo‘jayeva – birinchi, Buxoro shahridagi 13-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Aziza Amrayeva, Buxoro shahridagi 2-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Anora Arabova – ikkinchi, Buxoro shahridagi 2-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Shahriza Sadriddinova, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 151-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Viktoriya Nushtayeva uchinchi o‘rin sohiblari bo‘ldi.
“Eng yaxshi videorolik” nominatsiyasi bo‘yicha: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Nilufar Toremuratova, Toshkent shahridagi 257-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Violetta Timoshina – birinchi, Toshkent shahridagi 6-maktabning 4- sinf o‘quvchisi Artyom Smirnov – ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Shuningdek, kreativ yondashuvi va faol ishtiroki uchun ko‘plab bolalar rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.
O‘zA