Inson farovonligi — taraqqiyotning eng muhim mezoni
Bugun bir oilaning hayotidagi oddiy o‘zgarishlarga nazar tashlasak, jamiyat taraqqiyoti nimada namoyon bo‘lishini anglash qiyin emas. Ota-ona farzandining yaxshi maktabda o‘qishini, yosh yigit-qiz kasb egallab, munosib ish topishini, keksa inson o‘zini himoyalangan his qilishini, ishlayotgan odam esa mehnatiga yarasha daromad olishini istaydi. Inson uchun taraqqiyot, avvalo, ana shu imkoniyatlarning kengayishidir.
Shu bois dunyoda ijtimoiy rivojlanish masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Iqtisodiyot qancha tez o‘smasin, agar bu o‘sish inson hayotida sezilmasa, uning samarasi to‘liq namoyon bo‘lmaydi. Yangi ish o‘rinlari, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish kabi vazifalar shu sababli har bir davlatning muhim kun tartibiga aylangan.
Bu jarayonda parlamentlarning o‘rni alohida. Chunki odamlar hayotiga ta’sir qiladigan ko‘plab qarorlar qonunlar orqali amalga oshadi. Qonun esa o‘z-o‘zidan ishlamaydi. Uning bajarilishi, natijasi va odamlarga bergan nafini doimiy e’tiborda ushlab turish kerak.
Ana shu jihatlar O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaning mazmun-mohiyatini belgilaydi.

Bu tashabbus bir kunda paydo bo‘lib qolmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur g‘oyani ilk bor 2020-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan edi.
Oradan o‘tgan vaqt mobaynida g‘oya ustida izchil ish olib borildi. O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan rasmiy maslahlashuvlar, ikki tomonlama muzokaralar va boshqa diplomatik uchrashuvlar o‘tkazildi. Bunday yondashuv natijasida turli davlatlar manfaatlarini hisobga olgan, umumiy maqsadlarga xizmat qiladigan hujjat shakllantirildi.
Nihoyat, 2026-yil 24-iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi mazkur rezolyutsiyani qabul qildi. Uning hammuallifi sifatida BMTga a’zo 61 ta davlat ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan bir necha yil avval ilgari surilgan g‘oya endilikda nafaqat milliy, balki xalqaro kun tartibidagi umumiy maqsadlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Hujjatni murakkab diplomatik tildan xalqiga yaqin ma’noga o‘girsak, uning mazmuni juda hayotiy ekanini ko‘ramiz. Masalan, ijtimoiy himoyani mustahkamlash deganda qiyin vaziyatga tushgan inson yoki oilaning yolg‘iz qolib ketmasligi, davlat tomonidan zarur yordam mexanizmlari ishlashi tushuniladi.
Kambag‘allikni qisqartirish esa faqat statistikadagi bir raqamni pasaytirish emas. Bu oilaning daromadi barqaror bo‘lishi, farzandlarining ta’lim olishi, insonning munosib sharoitda mehnat qilishi va ertangi kuniga ishonch bilan yashay olishi uchun imkoniyat yaratish demakdir.
Munosib bandlik haqida gap ketganda ham masala oddiy: inson ishlasin, mehnati qadrlansin, barqaror daromad topsin va o‘z mehnati bilan oilasini munosib ta’minlay olsin.
Sifatli ta’lim esa bugungi emas, ertangi imkoniyat masalasidir. Qishloqda yoki shaharda yashayotganidan qat’i nazar, har bir bola yaxshi bilim olishi, zamonaviy kasb egallashi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun teng imkoniyatga ega bo‘lishi jamiyatning kelajagini belgilaydi.
Rezolyutsiyada aynan shu kabi masalalar, ya’ni milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, munosib bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilgan.
Ko‘pincha ijtimoiy muammo deganda faqat davlat idoralari faoliyati ko‘z oldimizga keladi. Aslida esa parlamentning ham vazifasi katta.
Masalan, aholiga kerakli ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash uchun qonunni o‘zgartirish zarur bo‘lishi mumkin. Yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan siyosatni huquqiy jihatdan ta’minlash ham qonunchilikni talab etadi. Biror dastur qabul qilingan bo‘lsa, uning amalda qanday bajarilayotganini nazorat qilish ham muhim.
Shuning uchun parlamentning vazifasi faqat qonun qabul qilishdan iborat emas. Qonunning hayotda ishlashi, belgilangan vazifalar bajarilishi va natijalar odamlarga yetib borishi ham e’tibor markazida bo‘lishi kerak.
Rezolyutsiyada parlamentlarni 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va ularning bajarilishini monitoring qilish jarayonlariga faolroq jalb etish nazarda tutilgan. Milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilish ham shu maqsadga xizmat qiladi. Ya’ni, gap oddiy bir tamoyil haqida ketmoqda: odamlar manfaati uchun qabul qilingan qarorlar qog‘ozda qolib ketmasligi kerak.
Jamiyatda qanday qarorlar qabul qilinayotgani unda kimlar ishtirok etayotganiga ham bog‘liq. Shu nuqtai nazardan rezolyutsiyada xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgani muhim.
Yoshlar bugun ta’lim, kasb, ish o‘rni va zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq masalalarni birinchi navbatda his qiladi. Xotin-qizlar esa oila, mehnat, tadbirkorlik, ta’lim va ijtimoiy himoya kabi ko‘plab yo‘nalishlarda jamiyatning katta qismini tashkil etadi.
Shuning uchun ularning fikri qaror qabul qilish jarayonida qanchalik keng inobatga olinsa, qonunlar va davlat siyosati ham hayotga yaqinroq bo‘ladi.
Hujjatda raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan ijtimoiy rivojlanish maqsadlarida foydalanish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham belgilangan.
Ushbu tashabbus faqat bir rezolyutsiya qabul qilingani bilan cheklanmaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz xalqaro maydonda umumiy masalalar bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari suradigan davlat sifatida ko‘rsatishga intilmoqda. Bu rezolyutsiya ham shu jarayonning bir ko‘rinishi.
Ahamiyatlisi, hujjatga 61 ta davlat hammuallif bo‘ldi. Ular orasida Avstriya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Braziliya va Ispaniya kabi turli qit’alardagi yirik davlatlar bor. Rezolyutsiyani qabul qilish jarayonida 167 ta davlat uni yoqlab ovoz berdi.
Bu raqamlar ortida muhim siyosiy ma’no bor. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus turli mintaqalardagi davlatlar uchun ham dolzarb va maqbul bo‘lgani ko‘rinadi.
Yana bir e’tiborli jihat, rezolyutsiyada Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilgani va ijtimoiy rivojlanish hamda ijtimoiy adolat yo‘lida parlament harakati to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani alohida e’tirof etilgan.
Bu O‘zbekistonning parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ilgari surayotganini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, tashabbusning mazmuni insonga qaratilgan. Ijtimoiy himoya, ish bilan ta’minlash, ta’lim, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish kabi masalalar dunyodagi har bir jamiyat uchun tushunarli va yaqin mavzular.
Shuning uchun mazkur rezolyutsiyani faqat diplomatik hujjat sifatida emas, inson farovonligiga olib boradigan umumiy yo‘llarni yana bir bor belgilab bergan muhim xalqaro kelishuv sifatida baholash mumkin.
Eng asosiysi esa, yaxshi qonun, samarali davlat siyosati va kuchli parlamentning qiymati oddiy inson hayotida qancha yaxshi o‘zgarish qilgani bilan o‘lchanadi. O‘zbekiston tashabbusining xalqaro darajaga ko‘tarilishi ham aynan shu maqsad — inson manfaati, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA