Insofli soliq toʻlovchi: u qanday boʻladi?
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida soliq toʻlovlarini oʻz vaqtida undirish, soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida soliq toʻlovlarini oʻz vaqtida undirish, soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
Navoiy viloyat Davlat soliq boshqarmasi, Toshkent Islom akademiyasi, Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi Navoiy viloyati vakilligi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda soliq maʼmurchiligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Islom dinida soliq va boshqa toʻlovlarni davlat byudjetiga yoʻnaltirish borasida soʻz yuritildi.
Mamlakatimizda soliq tizimidagi islohotlar natijasida soliq turlari kamaytirilib, soliqqa tortish mexanizmi yanada sodalashtirildi. Shu bois, keyingi yillarda insofli soliq toʻlovchi tushunchasi paydo boʻlib, soliqlarni majburiy undirish emas, balki uni soliq toʻlovchining oʻz xohishi bilan amalga oshirishga erishish bugun bosh maqsadga aylanib bormoqda.
Muqaddas Islom dinida ham soliq boʻyicha tushunchalar alohida qayd etilgan. Chunki mavjud qonun-qoidalarga amal qilish, xaridorga nisbatan xushmuomalada boʻlish avvalo oʻsha yerda kut-baraka boʻlishiga zamin yaratadi.
Taʼkidlanganidek, neʼmatlarga shukrona keltirib yashashda xikmat katta. Afsuski, ayrim tadbirkorlar, savdo-sotiq bilan shugʻullanuvchi kishilar nazorat kassa mashinalarini ishlatmasdan, toʻlov terminallarini yashirish orqali faoliyat koʻrsatib kelayotgani ham kuzatilgan. Uchrashuvda ana shunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ham fikrlar bildirildi.
Shuningdek, tadbirda Navoiy viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Azamat Bozorov bugungi kunda mamlakatimiz soliq salohiyati 700 milliard soʻmni tashkil etib, shundan bir milliard soʻmini Navoiy viloyati tadbirkorlari amalga oshirishi xususida toʻxtalib oʻtdi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga Davlat soliq boshqarmasi mutasaddilaridan atroflicha javob oldilar.


