Inqilobiy yangilanishlar davri
Biz Prezidentimizning yangi parlamentga yoʻllaydigan Murojaatnomasini kutayotgandik.
Biz Prezidentimizning yangi parlamentga yoʻllaydigan Murojaatnomasini kutayotgandik. Uning juda jiddiy boʻlishi, dolzarb masalalar tilga olinishi taxmin ham qilinayotgan edi.
Shunday boʻldi ham! Bugun Oʻzbekistonning zamonaviy tarixida iz qoldira oladigan kun boʻldi. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida xalqning dilidagi gaplarning amaliy natijadorligi kun tartibiga eng birinchi masala etib qoʻyildi.
Prezident boʻlib oʻtgan saylovlar haqidagi fikrlariga xulosa sifatida demokratik islohotlardan qaytilmasligini urgʻuladi: “Endi islohotlarning tashabbuskori jamiyat boʻlishi kerak!” Bu talab aslida tashabbuslarning hayotiyligi, dolzarbligi, keng jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini kafolatlaydi. Darhaqiqat, jamiyat rivojlangan sharoitni istar ekan, tushunishi lozimki, unga bu sharoitni tashqaridan kimdir emas, balki shu mamlakatning farzandlari, yaʼni uning oʻzi yaratishi kerak. Buning uchun jamiyatda jipslik, hamjihatlik, qoʻlni qoʻlga berish prinsipi roʻyobga chiqishi lozim. Bu – adolatli talab!
Oʻzbekistonning yaqin kelajakda salohiyatli, ilm va maʼrifatga asoslangan jamiyatga aylanishiga asoslar paydo boʻlmoqda. Prezident oʻzi koʻp bor takrorlaydigan “katta reja”ning yana bir jihatini oshkor qildi.
Taʼlimning har bir bosqichida misli kutilmagan islohotlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, joriy yilda maktabgacha taʼlimga Oʻzbekistondagi 60 foiz bola qamrab olinadi. Byudjetdan bu yoʻnalishdagi ishlar uchun 1,8 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Maktablarda oʻquv dasturlari va adabiyotlar sifatini oshirish boʻyicha tizimli ishlar bajariladi, 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi taʼmirlanadi. Xususiy maktablar soni koʻpayadi.
Yaqin yillarda Oʻzbekiston yoshlarining 50-60 foizi oliy taʼlim bilan qamrab olinishiga erishish zarur. Oliy taʼlimdagi davlat granti ikki barobarga ortadi. Bundan tashqari, qizlar uchun alohida grantlar ochiladi. Kirish imtihonlarini soddalashtirish, taʼlimdagi keraksiz fanlarni qisqartirish, kredit-modul tizimiga oʻtilishi, bosqichma-bosqich fundamental fanlar yoʻnalishidagi tadqiqotlarni kuchaytirish yoʻlga qoʻyiladi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali joriy yilda 700 nafardan ziyod olimlarimiz xorijdagi eng rivojlangan taʼlim muassasalarida tajriba va malaka oshiradi.
Umuman, birgina taʼlim sohasining ertangi istiqboli yorugʻ boʻlishiga katta ishonch bor. Zero, jamiyatning nima bilan nafas olishi va hayotga baho berish mezonlari jamiyat ishtirokchilarining saviyasi, bilimi va tafakkuri bilan chambarchas bogʻliqligini eʼtiborga olsak, jamiyatning gʻoyalar tashabbuskori boʻlishiga zamin hozirlanayotganidan darak bu.
Ikkinchi jozibali tashabbus “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” gʻoyasidir. Prezident bir million dasturchi tayyorlash boʻyicha kompleks va keng koʻlamli ishlarga start berilishini bayon qildi. Va anglashiladiki, Prezidentning raqamli texnologiyalarni oʻzlashtira olmagan rahbarlar bilan ishlash niyati yoʻq.
Qishloq xoʻjaligi inqilobiy islohotga tayyorlanmoqda. Tasavvur qilish qiyin boʻlgan holat: endi gʻalla va paxta boʻyicha davlat buyurtmasi boʻlmaydi. Qishloq xoʻjaligi vazirligining vazifalari ham butunlay yangi formatga oʻzgaradi.
Mamlakatning 7 ta yirik shahriga yondosh boʻlgan 12 ta shaharchada keng koʻlamli rivojlanish yuz berishi kutilmoqda. Qolaversa, ishchi kuchlari toʻplangan hududlar bilan ish oʻrni yaratilgan hududlarning mutanosibligiga erishish, yanada muhimi, xalqimizni uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan propiska tizimining qayta koʻrib chiqilishi zalda hozir boʻlganlarning gulduros qarsaklariga sabab boʻldi.
Bu olqishlar sovimasdan yana bir tarixiy taklif yangradi: 1995-yilgacha Oʻzbekistonga koʻchib kelgan va shundan buyon yurtimizda yashayotgan shaxslarga avtomatik tarzda Oʻzbekiston fuqaroligini berish… Bu qariyb 50 ming nafardan ortiq shaxsning taqdiriga daxldor yorugʻlik mujdasi edi!
Oʻzbekistonda yangi Jamoatchilik palatasi ish boshlaydi…
Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi organ tashkil etiladi…
Oʻzbekistonda Ekologiya kodeksi yaratiladi…
Oʻzbekistonda mahalla tizimi jiddiy isloh qilinadi…
Oʻzbekistonda oylik va nafaqalar inflyatsiya darajasidan baland darajada oshirib boriladi!
Soliq qoʻmitasi tizimida Fiskal instituti ochiladi.
Yaqin yillar ichida koʻp davlatlarda rahbarlarning turli murojaatlarini koʻrdik, ularni imkon qadar tahlil ham qilishga intildik. Biroq joriy yil va yaqin istiqbolda yurtimizda kutilayotgan ulkan islohotlarni yaxshi maʼnoda inqilobiy deb aytish joiz. Bu tom maʼnoda tarixiy chiqish boʻldi!
Oʻzbekiston xalqini yorugʻ kelajak kutmoqda!
Shu kunlarga yetkazsin!
Husan ERMATOV,
jurnalist