"INNOWOMENWEEK" innovatsion haftaligi samarali bo‘lmoqda
Mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi "INNOWOMENWEEK" haftaligi ayollarning iqtidorini kashf etish, ularning bandligini ta’minlashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.
Barcha joylarda bo‘lgani kabi Navoiy viloyatida ham "INNOWOMENWEEK" xotin-qizlarning innovatsion haftaligini o‘tkazildi. Haftalik doirasida o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar, psixologik treninglar, tajribali tadbirkorlar bilan davra suhbatlari, tadbirkor ayollar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ko‘rgazmalar va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etildi.

Haftalik doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda 301 nafar bandligi ta’minlanmagan xotin-qiz o‘z qiziqish va salohiyatiga qarab kasb-hunarga yo‘naltirilib, 9 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilindi. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 64 nafar xotin-qiz uchun «Tadbirkorlik ko‘nikmalari» o‘quv kursi tashkil etilib, ularga biznes rejalar tuzishga ko‘maklashildi va davlat ro‘yxatidan o‘tish bo‘yicha huquqiy maslahat berildi.
Xalq banki hududiy filiali mas’ul xodimlari tomonidan 37 nafar tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizga kredit olish masalasida maslahat berildi.
Haftalik doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham o‘tkazilib, 64 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, haftalik ishtirokchilari uchun viloyatdagi bir qator ishlab chiqarish, biznes ob’ektlari, yosh tadbirkor ayollar yo‘lga qo‘ygan go‘zallik salonlariga «Ishbilarmonlik sayohati» uyushtirildi.
N.Usmonova, O‘zA