Innovatsiya ishlanmalari namoyishi
Buxoroda viloyat innovatsion ishlanma va g‘oyalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda viloyat innovatsion ishlanma va g‘oyalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 15-iyulda qabul qilingan “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yetmishga yaqin innovatsion texnologik ishlanmalar namoyish etildi. Ular orasida muqobil elektr energiyasi, atmosfera orqali ma’lumotlarni uzatish, qabul qilish moduli kabi ixtiro va innovatsiya loyihalari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bu kabi innovatsiya loyihalarini ishlab chiqishda olimlarimizga davlat grantlari qo‘l kelayotganini alohida ta’kidlash joiz. Joriy yil viloyatda ularga 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi.
– Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filiali olimlari tomonidan yaratilgan quyosh nurini elektr energiyasiga aylantiradigan universal qurilma, ayniqsa, ma’qul bo‘ldi, – deydi Olot tumanidagi dehqon xo‘jaligi rahbari Mahmud Mahmudov. – U kundalik turmush va qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun juda qulay, tannarxi ham bizni qoniqtiradi. Shuning uchun ushbu qurilmaga buyurtma berdim.
Ko‘rgazma davomida sanoat korxonalari, kichik biznes subyektlari, xususiy tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ishlanmalar bo‘yicha o‘ttizdan ziyod shartnoma imzolandi.