Innovatsion startap ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan "IT Queens - Kelajakni yaratuvchi qizlar" innovatsion startap ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Ochilish marosimida universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Duysenbayev, tanlovga biriktirilgan mas’ul, Toshkent davlat yuridik universiteti Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi U.Haydarova so‘zga chiqib, tadbirning yoshlarni zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion faoliyatga keng jalb etishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Tadbir davomida ishtirokchilarga tanlovning maqsad va vazifalari, shartlari va baholash mezonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Talaba-qizlarni tanlovning hududiy bosqichida faol ishtirok etayotgani bilan qutladi va ularga muvaffaqiyatlar tiladi.

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirokchilar o‘zlarining IT sohasidagi bilim va ko‘nikmalari, innovatsion g‘oyalari hamda ijodiy yondashuvlarini namoyish etdi. Mazkur tanlov yosh xotin-qizlarning axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Tanlov yakunida veb-ishlanmalar yo‘nalishi bo‘yicha Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi G.Mambetmuratova, raqamli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Z.Azilova, sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha Qoraqalpoq davlat tibbiyot instituti talabasi N.Qoniratbayeva, kiberxavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha Nukus davlat texnika universiteti talabasi M.Beknazarovalar birinchi o‘rinlarni egalladi. Shuningdek mobil ilovalar yo‘nalishi bo‘yicha Nukus davlat pedagogika instituti talabasi G.Xudaybergenova, aqlli qurilmalar yo‘nalishi bo‘yicha Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Sh.Saatbayeva, an’anaviy dasturiy ta’minot yo‘nalishi bo‘yicha Nukus davlat pedagogika instituti talabasi D.O‘mirbayeva, avtomatlashtirilgan tizimlar yo‘nalishi bo‘yicha Nukus davlat texnika universiteti talabasi H.Ibragimova g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Faol ishtirok etgan talaba-qizlar ham faxriy yorliqlar bilan rag‘batlantirildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilar 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan tanlovning Respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri