Innovatsion rivojlanish – zamonaviy iqtisodiyotning strategik yo‘li
Xorij tajribasi
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida innovatsion rivojlanish davlat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Texnologik yangilanish, iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlarini shakllantirish hamda raqobatbardoshlikni oshirish masalalari ko‘plab mamlakatlar siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Xitoy Xalq Respublikasida innovatsion rivojlanish davlat strategiyasi sifatida belgilangan bo‘lib, mamlakat rahbariyati mazkur yo‘nalishni iqtisodiy taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida baholamoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin innovatsion taraqqiyotni “davlat strategiyasi” deya ta’riflab, iqtisodiyotda eski va yangi o‘sish omillari almashinuvini ta’minlash orqali mamlakatning barqaror rivojlanishiga erishish mumkinligini ta’kidlagan.
U kishi qayd etishicha, innovatsiyalarni jadal rivojlantirish iqtisodiy modelni transformatsiya qilish, milliy qudrat va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatda ilmiy-tadqiqot, ta’lim, sanoat va moliya tizimlari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda Xitoyda kvant hisoblash texnologiyalari, sun’iy intellekt, kosmik tadqiqotlar hamda vodorod energetikasi sohalarida salmoqli natijalar qayd etilmoqda. Ayniqsa, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bir qatorda an’anaviy sanoatni modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilyapti.
Jumladan, 2025-yil yakuniga qadar Guandun provinsiyasida 50 mingdan ortiq yirik sanoat korxonasi raqamli transformatsiya jarayonlarini amalga oshirgani innovatsiyalarni amaliyotga keng joriy etish samarasini namoyon etdi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvati tarixda ilk bor an’anaviy yoqilg‘i manbalaridan ustun ko‘rsatkichlarga erishgani qayd etilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, innovatsion taraqqiyot faqat yangi yuqori texnologiyali sohalarni shakllantirish bilan cheklanmaydi. U iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, transformatsiya jarayonlarida barqarorlikni saqlash va yangi o‘sish omillarini izchil joriy etishni talab qiladi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, innovatsiya, ta’lim, sanoat va kadrlar tayyorlash tizimlarining uzviy uyg‘unligi iqtisodiy rivojlanish sifatini belgilaydi. Bu kabi yondashuvlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar mazmuni bilan hamohang bo‘lib, mamlakatimizda ham innovatsiya va texnologiyalarga asoslangan taraqqiyot modeli izchil shakllantirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, innovatsion rivojlanish bugungi kunda iqtisodiy o‘sishning muhim drayveriga aylanib, davlatlarni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA