Innovatsion g‘oyalar namoyishi
Navoiyda “Innovatsion g‘oyalar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda “Innovatsion g‘oyalar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Navoiy viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, Navoiy davlat konchilik va Navoiy davlat pedagogika institutlari hamda bir qator korxona, tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda sanoat, sog‘liqni saqlash, informatsion texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi sohasidagi 30 dan ortiq innovatsion texnologiya va loyiha taqdim etildi.
– Mazkur tanlov yosh tadqiqotchi va olimlarning yangi innovatsiyalarini ommalashtirish, o‘zaro tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Navoiy viloyati kengashi “Sreative” yosh texniklar va grafik dizaynerlar klubi koordinatori Bahodir Abdullayev. – Tanlov doirasidagi ko‘rgazmalarda namoyish etilgan muqobil elektr manbalaridan unumli foydalanish, kimyo hamda konchilik sanoatiga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar, ayniqsa, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Ilmiy izlanishlar va innovatsiyalarni hayotga tatbiq etish samarasida import tovarlarning muqobilini o‘zimizda ishlab chiqarish tajribasi ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Otabek Niyozov birinchi, Safar Begmanov, Feruz To‘xtayev ikkinchi, Sardor Nodirov, Sodiq Lutfullayev, Samad Hakimov uchinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Ko‘rgazmada konchilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohasi uchun o‘ziga xos yangicha mahsulot turini taklif etib, g‘olib bo‘lganimdan xursandman, – deydi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati xodimi Otabek Niyozov. – Xorij tajribasida xlorli kalsiy granulasidan ko‘pgina sohalarda foydalaniladi. Biz taqdim etgan loyiha import o‘rnini to‘liq bosa oladi. Ishlanmamiz amaliyotga joriy etilgach, 30 yangi ish o‘rni yaratilib, korxonaga yiliga 1 milliard 500 million so‘m daromad keltiradi. Muhimi, ko‘p miqdorda ishlab chiqariladigan xlordan yanada foydali yangi mahsulot turi o‘zlashtiriladi.