“INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi boshlandi
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida yana bir muhim tadbir - “INNOPROM. Markaziy Osiyo" ko‘rgazmasi boshlandi.
Uchinchi bor o‘tkazilayotgan, mintaqa sanoati rivojida muhim ahamaiyat kasb etgan mazkur anjumanda xalqaro sanoat kompaniyalari, MDH mamlakatlari ishlab chiqaruvchilari jamoaviy milliy stendlari bilan ishtirok etmoqda.

Ochiq ekspozitsiya uchun ajratilgan alohida maydonda MDH davlatlari yirik ishlab chiqaruvchilarining qishloq xo‘jaligi va transport texnikasi namunalari namoyish etilyapti.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri urinbosari Jamshid Xo‘jayev mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini yana bir bor xalqaro miqyosda namoyish etishga qaratilgan mazkur tadbirning geografiyasi yil sayin kengayib, ishtirokchilar soni ortib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Bu yilgi dasturga kiritilgan maxsus loyiha – INNOPROM universitetida mamlakatimiz talabalari, yosh mutaxassislar uchun yetakchi oliy ta’lim dargohlari, sanoat kompaniyalari tomonidan tayyorlangan ma’ruza, seminar mashg‘ulotlari taqdim etildi.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida uchrashuvlar, texnologik turlar tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA