Inklyuziv va sifatli ta’limni rivojlantirish – inson kapitaliga investitsiya
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Inklyuziv va sifatli ta’limni rivojlantirish – inson kapitaliga investitsiya” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimov Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini yuksaltirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Xususan, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 8,3 foizdan 47,7 foizga yetkazildi.

Bugungi kunda 2 ming 610 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etilgan. Ularda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 6,8 ming nafar bola o‘qimoqda. 248 ta umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida inklyuziv ta’lim guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tashkilotlardagi 519 ta inklyuziv guruhda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 1 ming 753 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Davra suhbatida ta’lim sifatini oshirish, inklyuziv sinflar faoliyatini kengaytirish, ta’lim muassasalarida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sohada mavjud muammolar muhokama qilindi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun hududlardagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarini imkoniyati cheklangan bolalarning ehtiyojlariga moslashtirish, xususan, ularni panduslar, taktil yo‘laklar, liftlar hamda maxsus sanitariya xonalari bilan to‘liq ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni umumiy o‘rta ta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlarini yildan-yilga oshirib borish muhimligi qayd etildi.

Inklyuziv ta’limni tamomlagan imkoniyati cheklangan yoshlarning professional kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida teng huquq asosida tahsil olishini ta’minlash, keyinchalik ularni munosib ish bilan ta’minlashda mahalliy kengashlar va jamoatchilikning ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.
Davra suhbatida inklyuziv va sifatli ta’limni ta’minlashga mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axborotlari ham eshitildi.
Tadbir yakunida inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini sifatli ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA