Inklyuziv ta’limni rivojlantirish – shu bugunning talabi
Yangi O‘zbekistonda har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, o‘z qobiliyati va iste’dodini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhitini shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ahamiyatlidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson qadri, bolalar manfaati va teng imkoniyatlar tamoyili turibdi. Shu bois mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, har bir bolaga mehr va g‘amxo‘rlik bilan yondashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 15-son umumta’lim maktabi bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning yorqin namunasidir. Ushbu ta’lim muassasasida alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim samarali tashkil etilgan bo‘lib, ularning tengdoshlari qatorida bilim olishi, ijtimoiy hayotga faol qo‘shilishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Maktabning ana shunday o‘quvchilaridan biri Shaxrizoda Muhammadqulovadir. U ham inklyuziv ta’lim asosida tahsil olib, bilim olish yo‘lida muvaffaqiyatli qadam tashlamoqda. Eng muhimi, Shaxrizoda o‘zini jamoaning ajralmas bir qismi sifatida his etadi, tengdoshlari bilan birgalikda o‘qiydi, muloqot qiladi va o‘z orzu-maqsadlari sari intiladi.

Maktabda Shaxrizoda kabi alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan maxsus pedagoglar va psixologlar muntazam ish olib boradi. Mutaxassislar har bir bolaning individual ehtiyojlarini chuqur o‘rganib, ularning ta’lim jarayoniga tez va samarali moslashishi, bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirishi, ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratmoqda. Bu esa bolalarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.
Inklyuziv ta’limning ahamiyati shundaki, u faqatgina alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalarning bilim olish huquqini ta’minlab qolmay, balki jamiyatda bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini shakllantiradi. Bunday muhitda ulg‘aygan yoshlar inson qadrini ulug‘laydigan, har bir shaxsning imkoniyatini qadrlaydigan komil avlod bo‘lib voyaga yetadi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar inklyuziv ta’limni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Maktablarda maxsus pedagoglar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quv muhitini moslashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda alohida ehtiyojli bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bu sohada yangi bosqichni boshlab berdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning 1-iyuliga qadar Buxoro viloyatidagi 172 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim tashkil etilgan. Ushbu maktablarda 378 nafar alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan o‘quvchi tahsil olmoqda. Ular uchun pedagogik va psixologik qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani esa ta’limning qamrovi va sifati izchil oshirilayotganidan dalolat beradi.

Bugun Qorako‘l tumanidagi 15-son maktabda yaratilgan imkoniyatlar, Shaxrizoda kabi bolalarning ta’lim olishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash siyosati amalda qanday natija berayotganining yorqin isbotidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri