“Inklyuziv ta’limdan inklyuziv jamiyatga”
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan “Inklyuziv ta’limdan inklyuziv jamiyatga” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Ushbu anjuman maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi inklyuziv ta’lim ishtirokchilarining, jumladan, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, mas’ul mutaxassislari malakasini oshirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini xorijiy va mahalliy ilg‘or tajribalar asosida takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilashdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Xalqaro konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika-ilmiy metodik markazi, Surgut davlat pedagogika universiteti (Rossiya Federatsiyasi), Belarus davlat pedagogika universiteti inklyuziv ta’lim instituti mutaxassislari, inklyuziv ta’limda faoliyat olib borayotgan pedagog xodimlar, psixologlar, metodistlar esa ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish, ularni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish, ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash borasidagi muammolarni bartaraf etish, xorijiy tajribalar o‘rganish va tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA