Inklyuziv ta’lim — teng imkoniyatlar sari muhim qadam
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, Davlat rahbarining tashabbusi bilan alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning sifatli ta’lim olishi, jamiyat hayotiga to‘laqonli integratsiyalashuvini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda inklyuziv ta’lim tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, zamonaviy talablarga mos ta’lim muhitini shakllantirish va ushbu sohadagi huquqiy-me’yoriy bazani takomillashtirish ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
Ana shu ezgu ishlar izchil davom etayotgan bir paytda Buxoro shahrida yangi o‘quv yili oldidan “Umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’limning muammo va yechimlari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir inklyuziv ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning amaliy yechimlarini belgilashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Seminarda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi mas’ullari, inklyuziv ta’lim joriy etilgan umumta’lim maktablari direktorlari, tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari hamda bosh hisobchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani, yangi o‘quv yili oldidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, sohadagi islohotlar hamda ta’lim muassasalari oldida turgan dolzarb masalalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, inklyuziv ta’lim — bu faqatgina alohida ehtiyojli bolalar uchun yaratilgan ta’lim shakli emas, balki har bir bolaning teng huquq va imkoniyatlar asosida bilim olishini ta’minlaydigan insonparvar ta’lim tizimidir. Bunday yondashuv orqali bolalar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va ijtimoiy tenglik kabi yuksak insoniy qadriyatlar mustahkamlanadi.
Seminar davomida ishtirokchilarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, inklyuziv ta’limning ustuvor yo‘nalishlari, pedagoglarning malakasini oshirish, ta’lim muassasalarida to‘siqsiz muhit yaratish, infratuzilmani zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha batafsil tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar tomonidan yangi o‘quv yilida faoliyat boshlaydigan inklyuziv maktablarda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, har bir bolaning individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda ta’lim berish, psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan muhim takliflar bildirildi.
Bugungi kunda Buxoro viloyatida inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Hozirda viloyatdagi 189 ta umumta’lim maktabida 330 ta inklyuziv sinf faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 424 nafar alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchi zamonaviy bilim va tarbiya olmoqda. Bu raqamlar viloyatda har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasini yaqqol namoyon etadi.

Eng muhimi, inklyuziv ta’limni rivojlantirish bilan bir qatorda ta’lim muassasalarida panduslar, maxsus jihozlar, qulay sinf xonalari va moslashtirilgan sanitariya infratuzilmasini barpo etish, pedagoglarning inklyuziv ta’lim bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish kabi vazifalar ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalarning tengdoshlari bilan birgalikda bilim olishi va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor Yangi O‘zbekistonning insonparvarlik tamoyillariga asoslangan siyosatining yorqin namunasidir.
Buxoroda o‘tkazilgan mazkur seminar ham bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, yangi o‘quv yilida ta’lim sifatini yanada oshirish, har bir bolaga teng imkoniyat yaratish va jamiyatda hech kim e’tibordan chetda qolmasligiga xizmat qiladi. Zero, har bir bolaning orzusi, iqtidori va kelajagi qadrli. Inklyuziv ta’lim esa ana shu orzularga eltuvchi eng ishonchli va ezgu yo‘ldir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri