Inklyuziv ta’lim – keng imkoniyatlar sari qadam
Buxoroda ta’lim tizimida inklyuziv yondashuvni keng joriy etish, barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, to‘siqsiz va barchaga ochiq ta’lim muhitini shakllantirish maqsadida navbatdagi amaliy o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminar davomida inklyuziv ta’limni rivojlantirishning dolzarb masalalari, uning huquqiy, pedagogik va ijtimoiy jihatlari, ta’lim jarayonida zamonaviy innovatsion pedagogik yondashuvlarni qo‘llash mexanizmlari hamda alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimi atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilarga inklyuziv ta’lim tizimini takomillashtirish, uni amaliyotga samarali tatbiq etish, o‘quvchilar uchun qulay, xavfsiz, moslashtirilgan va psixologik jihatdan sog‘lom ta’lim muhitini yaratishning amaliy jihatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir jarayonida maxsus pedagoglar, defektologlar va psixologlar tomonidan inklyuziv ta’limning samarali metodlari, individual yondashuv asosida ishlash tajribalari, har bir bolaning imkoniyat va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ta’lim berish usullari hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, inklyuziv sinflarda ochiq dars mashg‘ulotlari tashkil etilib, ilg‘or pedagogik tajribalar namoyish qilindi. Bu orqali ishtirokchilar zamonaviy ta’lim texnologiyalari, moslashtirilgan o‘quv materiallari, interaktiv usullar hamda bolalar bilan individual ishlash modellari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Seminar doirasida pedagoglar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, muvaffaqiyatli amaliyotlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, inklyuziv ta’lim bu faqatgina ta’lim tizimining alohida yo‘nalishi emas, balki jamiyatda tenglik, hurmat, bag‘rikenglik, insoniylik va ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy qadriyatdir. U har bir bolaning imkoniyatlarini e’tirof etish, uni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilish va uning salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan insonparvar yondashuvni ifodalaydi.
Bunday amaliy o‘quv seminarlari pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, inklyuziv ta’lim bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, har bir bolaning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlash hamda ta’lim tizimida insonparvar, adolatli va barqaror muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA