Inklyuziv ta’lim: barcha bolalar uchun teng sharoit
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan Umidjon Turdaliyev avvallari uy ta’limida o‘qir edi. Mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimning sa’y-harakati bilan Oltiariq tumanidagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga jalb qilingach, hozir o‘z tengqurlari bilan teng sharoitda ta’lim olmoqda.
Xo‘sh, inlyuziv ta’lim borasida viloyatda yana qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Biz bu mavzu yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyat boshqarmasi shu’ba mudiri Ozodbek Toshtemirov bilan suhbatlashdik.
– Ushbu maktabda “Ishonch 2030” loyihasi doirasida “O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish: yuqori sifatli va inklyuziv ta’lim natijalari uchun AKT va raqamli ta’limdan foydalanish” yo‘nalishida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borildi. Jumladan, maktab hududida ko‘zi ojiz shaxslar uchun 300 metr masofada taktil yo‘laklar barpo etildi, kirish-chiqish joylarida 5 ta zamonaviy pandus qurildi hamda bino ichki qismi maxsus taktil plitkalar va tutqichlar bilan jihozlandi, – deydi Ozodbek Toshtemirov.
Shuningdek, inklyuziv sinf tashkil qilinib, 25 ta maxsus o‘quv stoli, dam olish burchagi, rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar, maxsus o‘quv qurollari va eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari bilan ta’minlandi. Natijada maktabda barcha o‘quvchilar, xususan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy ta’lim muhiti yaratildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston hamda Shvetsariya davlatlarining noqonuniy o‘zlashtirilgan investitsiyani o‘zbek xalqi manfaatlari uchun qaytarish bo‘yicha hamkorligi doirasida yurtimizda jami 50 ta maktab tanlab olindi va ularda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun to‘siqsiz muhit yaratildi.
Mazkur maktabda ham bunday ishlar amalga oshirilgach, ko‘pdan buyon uy ta’limida bo‘lgan, o‘z tengdoshlaridan ayri holda qolib kelgan bolalarni umumiy o‘rta ta’lim bilan qamrab olishga erishildi. Maktab to‘liq inklyuzivlashgan, barcha o‘quvchi uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
Tumanning Qiziltepa mahallasida 14 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bola yashaydi. Ijtimoiy xodim Mavjuda Yunusovaning ma’lum qilishicha, o‘tgan 2 yil davomida ularning 6 nafarini inklyuziv ta’lim bilan qamrab olishga erishildi. Yaqin orada yana 3 nafar nogironligi bo‘lgan bola maktab ostonasiga ilk marta qadam qo‘yadi.
[gallery-28679]
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning ota-onalaridagi quvonch va mamnunlikni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Axir, ularning farzandlari ham boshqalar kabi maktabga qatnay boshladi. Yaqinda bir saxovatpesha insonning ko‘magi bilan skuter xarib qilib, maktab ma’muriyatiga topshirdik. Endi nogironligi bo‘lgan bolalar har kuni ana shu transport vositasi yordamida maktabga olib kelinadi va darslardan so‘ng uylariga eltib qo‘yiladi.
Maktab va ijtimoiy xodim hamkorligida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar nafaqat alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun bilim olish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki jamiyatda tenglik, hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlaydi. Eng muhimi, har bir bolaga o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratilayotgani inklyuziv jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan sanaladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA