Inklyuziv sinflarda ta’lim jarayoni qanday tashkil etilgan?
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Inklyuziv ta’limni rivojlantirish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusida respublika amaliy seminari ishtirokchilari bugun Samarqand shahridagi 81- va 13-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lib, mazkur ta’lim muassasalarining inklyuziv ta’lim borasidagi tajribalari bilan yaqindan tanishdi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 351 ta maktabda 450 ta inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 674 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu o‘quvchilarning 438 nafarining aqliy, 115 nafarining ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo‘lsa, 65 nafar o‘quvchi eshitish, 8 nafari ko‘rish, 48 nafari tayanch harakat tizimi bilan bog‘liq nuqsonlardan aziyat chekadi.


Jumladan, Samarqand shahridagi 81-maktabda 14 nafar, 13-maktabda 9-nafar alohida ta’limga ehtiyoji bor o‘quvchilar tengdoshlari bilan birga dars jarayonlarida qatnashmoqda. Mazkur maktablar maxsus pedagoglari ushbu toifadagi o‘quvchilar bilan olib borayotgan ta’lim jarayonlari, qo‘llayotgan dars uslublari haqida ma’lumot berdi. Ayrim o‘quvchilar va ota-onalar maktabga taklif etilib, ularning fikrlari tinglandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan seminar ishtirokchilari ertaga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bilan ochiq muloqotda qatnashishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri