Infantinoni FIFA prezidentligi saylovida ishtirok ettirmaslik talab qilindi
Uning siyosatiga UEFA, KONKAKAF va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan ham qarshilik bildirilmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi FairSquare notijorat tashkiloti Janni Infantinoning FIFA prezidenti lavozimiga saylovda yana bir bor nomzodini qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
FairSquare FIFAning boshqaruv, audit va muvofiqlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga yo‘llagan murojaatida Infantinoning to‘rtinchi muddatga nomzodini qo‘yishi FIFA Ustaviga zid ekanini ta’kidlagan. Ustavga ko‘ra, FIFA prezidenti ko‘pi bilan uch muddat lavozimda ishlashi mumkin.
Biroq 2022-yilda maxsus qo‘mita Infantinoning 2016–2019-yillardagi birinchi muddatini hisobga olmaslik haqida qaror qabul qilgan. Bunga sabab sifatida u Jozef Blatterning muddatidan oldin to‘xtatilgan vakolatini yakunlash uchun saylangani ko‘rsatilgan.
FairSquare esa ushbu qarorni asossiz va qonunga xilof deb hisoblamoqda. Tashkilot fikricha, FIFA Ustavida bunday istisnolar nazarda tutilmagan — prezidentlik muddati qancha davom etgani yoki prezident qaysi Kongressda saylangani ahamiyatsiz.
Bu masalaga Norvegiya futbol federatsiyasi ham qo‘shilib, FairSquare shikoyatini qo‘llab-quvvatladi.
FIFA rahbariyati atrofidagi so‘nggi mojarolar, jumladan turnirlardagi ulushlarni sotish rejalari bilan bog‘liq bahslar fonida Infantinoning qayta saylanish imkoniyatlari ham murakkablashmoqda. Uning siyosatiga UEFA, KONKAKAF va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan ham qarshilik bildirilmoqda.