Indoneziya va O‘zbekiston imtiyozli savdo bitimini imzolaydi
Indoneziya axborot agentligi “Antara News” mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Jakartaga tashrifi davomida savdo vaziri Budi Santoso bilan uchrashganini yoritdi.
Mezbon mulozimning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro imtiyozli savdo bitimi tuzish bo‘yicha muzokara (IU-PTA) Indoneziya uchun o‘z bozorini kengaytirish imkonini beradi.
– Bu biz uchun eksport bozorini kengaytirishga qaratilgan ustuvor dastur doirasidagi aniq qadamlardan biri bo‘ladi, – dedi u O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari bilan muloqotdan so‘ng.
Shuningdek, u uchrashuvda delegatsiyamiz a’zolarini Indoneziya – O‘zbekiston savdo va investitsiya bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi (JWG)ni zudlik bilan tuzishga chaqirdi. Bu boradagi kelishuvga 2021 yil mayda Toshkentda ikki davlat hukumatlari vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan edi.
Bundan tashqari Santoso Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishda respublikamizni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Darvoqe, ayni jarayon doirasida tovar va xizmat bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokara yakunlangan.
– Biz JSTga a’zo bo‘lish uchun tovar va xizmatlar bo‘yicha Indoneziya – O‘zbekiston kelishuvi protokolini imzolashga tayyormiz, – dedi Santoso.
Indoneziya hamkorlari orasida mamlakatimiz eksport bo‘yicha 129-o‘rinni band etgan, importchilar ro‘yxatida esa 53-pog‘onada. 2019-2023 yillar davomida ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash 49,04 foiz o‘sgan. 2024 yil umumiy savdo miqdori 147,6 million dollarga yetib, bir mavsumda 4,67 foiz oshdi. Bu davrda orollar davlatidan yurtimizga 25,8 million dollarlik, Indoneziyaga O‘zbekistondan esa 121,9 million dollar qiymatga ega mahsulot yetkazilgan.
Ushbu mamlakat diyorimizga eksport qiladigan mahsulotlar ro‘yxatida margarin, jonivor yoki o‘simlik yog‘i, elektr texnikasi va apparatlar, eriydigan qahva ustuvor. O‘lkamizdan hamkor mamlakatga kirib boradigan tovarlar orasida kaliy xlorid, paxta sellyulozasi, yonilg‘i nasosi, avtotransport vositalari darajasini o‘lchagich va disodiy karbonat yetakchi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA