Indoneziya va Malayziyaga safar samarali bo‘ldi
O‘tayotgan haftada Samarqand viloyati hokimligi va turizm sohasi mas’ullari, tadbirkorlik sub’ektlari Indoneziya va Malayziyada xizmat safarida bo‘lib, biznes forum va taqdimotlar uyushtirdi, ushbu davlatlar mintaqalari bilan sayyohlik bo‘yicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Jumladan, Malayziyaga tashrif davomida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov Kuala-Lumpur shahri meri o‘rinbosari Ismadi bin Sakirin bilan uchrashib, Samarqand va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida “region to region” formatida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Kuala-Lumpurda O‘zbekiston madaniyat kunlarini tashkil etish hamda Samarqandda o‘tkaziladigan “Samarqand kuni” tadbirlarida Malayziya vakillarining ishtiroki masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, “Batik Air” aviakompaniyasi bosh menejeri Rajiv Kumar bilan uchrashuvda Toshkent–Langkavi yo‘nalishida yangi reys ochish, “Code sharing” asosida hamkorlikdagi qatnovlarni yo‘lga qo‘yish va “Umra+” dasturi asosida ziyorat qatnovlarini amalga oshirish rejalashtirildi.

Islom turizmi markazi direktori Nur Alisa Koralin Yussin bilan uchrashuvda esa ziyorat turizmini rivojlantirish, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun treninglar tashkil etish hamda Malayziyadagi 30 ta turizm operatorining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya MATTA va BUMITRA sayyohlik agentliklari rahbariyati, Turizm, san’at va madaniyat vazirligi bosh kotibi hamda Malayziya islom taraqqiyot tashkiloti (JAKIM) rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlarda halol turizm, madaniy almashinuv, investitsiyalar va ikki tomonlama tadbirlar tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.


Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilovning ma’lum qilishicha, vakillarimizning turizm targ‘iboti borasidagi faolligi Malayziya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Tashrif doirasidagi har bir uchrashuv, muloqot nafaqat turizm, balki madaniyat, transport va xalqaro hamkorlikni ham qamrab oldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri