Indoneziya Prezidenti terma jamoa oldiga JCH-2030ga yoʻllanma olish vazifasini qoʻydi
Jakartada oʻtkazilgan Indoneziya futbol assotsiatsiyasi (PSSI) kongressi qatnashchilariga murojaat qilgan davlat rahbari mamlakatning futbol sohasidagi imkoniyatlariga toʻxtalib oʻtdi.
Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto mamlakat milliy terma jamoasining 2030-yilgi jahon chempionatiga chiqishini strategik umummilliy vazifa sifatida belgiladi.
Jakartada oʻtkazilgan Indoneziya futbol assotsiatsiyasi (PSSI) kongressi qatnashchilariga murojaat qilgan davlat rahbari mamlakatning futbol sohasidagi imkoniyatlariga toʻxtalib oʻtdi.
"Indoneziya — ulkan imkoniyatlarga ega mamlakat. Buyuk davlatlarning yuksak maqsadlari va ularga erishish uchun shijoati boʻlishi lozim. Oʻylaymanki, Indoneziya 2030-yilgi jahon chempionatida munosib ishtirok etishga qodir", — dedi P. Subianto.
Prezident Indoneziya 2026-yilgi jahon chempionati saralash bosqichida Saudiya Arabistoni hamda Iroq terma jamoalariga imkoniyatni boy berib, mundial yoʻllanmasini qoʻldan boy berganini eslatib oʻtdi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari PSSI rahbariyatiga JCH-2030ga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha uzoq muddatli kompleks dastur ishlab chiqish topshirigʻini berdi.
Prabovo Subianto futbol klublari, akademiyalar, murabbiylar, xususiy sektor hamda ommaviy axborot vositalarini ushbu maqsad yoʻlida kuchlarni biralashtirishga chaqirdi.
"Ushbu ezgu maqsadga faqatgina hukumat yoki futbol assotsiatsiyasining saʼy-harakati bilan erishib boʻlmaydi. Bu — butun xalqimizning umumiy vazifasidir", — deya taʼkidladi Prezident.
2030-yilgi jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya hamda Marokashda oʻtkaziladi. Turnirning 100 yillik yubileyi munosabati bilan dastlabki ochilish uchrashuvlari Urugvay, Argentina va Paragvayda boʻlib oʻtishi belgilangan.