“In-Vitro” laboratoriyalarining tashkil etilishi qanday samara beradi?
“In-Vitro” laboratoriyasida intensiv usulda ko‘chat yetishtirishning afzallik tomonlari ko‘p. Bu usulda yetishtirilgan o‘simliklar avvalo yer maydonlarini 3-4 barobar optimallashtiradi. Oddiy usulda ko‘chat yetishtirish jarayoni 3-4 yilni o‘z ichiga olsa, laboratoriya sharoitida bu muddat 2 barobarga qisqaradi. Bundan tashqari tez o‘suvchanlik, kasallik va zararkunandalarga chidamlilik va ochiq muhitga moslashish kabi qulayliklarga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida davlat “In-Vitro” laboratoriyalarini tashkil etish, shuningdek, xususiy “In-Vitro” laboratoriyalari tashkil qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Bu taklif keng jamoatchilik vakillari, ekofaollar, ijtimoiy tarmoq faollarining taklif va mulohazalari asosida tayyorlangan va “O‘zbekiston –2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida muhokamaga qo‘yilgan.
Buning amaliyotga tatbiq etilishi qanday samara beradi?
Loyihaga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University) huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida zamonaviy “In-Vitro” laboratoriyalari tashkil etiladi.
Xalqaro tajribada “In-Vitro” laboratoriyalaridan foydalanish orqali ko‘chat yetkazish uslubi keng tarqalgan uslub hisoblanadi. O‘simliklarning kichik qismlari (to‘qima va hujayralar)dan laboratoriyalarda mikroko‘paytirish bir qancha afzalliklarga ega. Xususan, o‘simliklarni tez ko‘paytirish imkoni mavjud, kichik joydan qisqa muddat ichida ko‘p ko‘chat olinadi, yil davomida mavsumdan qat’i nazar ko‘chat yetishtiriladi. Ko‘chat yetishtirish jarayoni xavfsiz va tejamkor kechadi, sog‘lom va arzon ko‘chat yetishtiriladi. Shuningdek, o‘simlikning biologik xususiyatlari to‘liq saqlab qolinadi, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simliklar shu usul bilan ko‘paytirilib, saqlab qolinadi.
Respublikada turli xildagi ko‘chatlarni tez va ko‘p miqdorda yetishtirish imkoniyati hamda ko‘chat yetishtirishning zamonaviy tizimi yaratiladi. Bu usulda yetishtirilgan o‘simliklar, avvalo yer maydonlarini 3-4 barobar optimallashtiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA