Imtihonlar bayramona ruhda o‘tmoqda
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida talabalar uchun eng muhim sinovlardan biri - yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur oliy o‘quv yurti hududida o‘zgacha kayfiyat hukm surmoqda: bu yerda nafaqat ilmiy qat’iylik, balki bayramona kayfiyat, quvonch va g‘urur ham sezilmoqda.

Talabalar o‘zlarining ko‘p yillik mehnatlari, sabr-toqatlari va orzu-intilishlarining natijasini ko‘rsatadigan kun bu. Ularning hayotidagi navbatdagi muhim bosqich – diplom olish, mutaxassislikni tasdiqlash yo‘lidagi so‘nggi qadamlari ushbu imtihonlar orqali baholanadi.

Eng e’tiborlisi, bu jarayonda ota-onalar ham faol ishtirok etmoqda. Ular erta tongdan farzandlariga hamroh bo‘lib, ularni ruhlantirib, ijobiy muhit yaratishga harakat qilmoqda. Universitet atrofi quvnoq chehralar, samimiy tabassumlar va ilhombaxsh tilaklarga to‘lib-toshgan.

Ba’zi ota-onalar farzandlarining talaba bo‘lgan birinchi kunlaridan boshlab hozirgi kungacha mashaqqatli yo‘lini eslab, hayajon va faxr tuyg‘ularini yashirmayapti.
D.Abibullayev,
O‘zA.