Imom at-Termiziy va Mahtumquli yodga olindi
Andijon mashinasozlik institutida ulug‘ alloma Imom at-Termiziy tavalludining 1200 yilligi hamda atoqli turkman shoiri Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon mashinasozlik instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muhtaramxon Xaliqova hamda boshqalar tomonidan tadbirning ahamiyati, ulug‘ alloma Imom at-Termiziy hayoti, faoliyati, shuningdek, din rivoji, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-19469]
Olimlar, ijodkorlarning ma’ruzalarida imom Abu Iso at-Termiziyning hayoti, islom olamida tutgan o‘rni, yaratgan asarlari haqida keng ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, atoqli turkman shoiri va faylasufi, adabiy turkman tilining asoschisi Maxtumquli Firog‘iyning hayoti va ijodi haqida ham ma’lumotlar berildi. Ijodkor yoshlar tomonidan shoirning she’r va g‘azallaridan namunalar o‘qildi.
Tadbir doirasida Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati buyurtmasi asosida nashr etilgan “Men ham harbiy bo‘laman” nomli kitob taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitobning mazmun-mohiyati, tarbiyaviy ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Yakunda ushbu kitobdan bir nechta nusxa institut axborot-resurs markaziga sovg‘a sifatida topshirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari