“Imo-ishora tili” kursi bitiruvchilari taqdirlandi
Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Imo-ishora tili” yuzasidan trenerlar tayyorlash o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
15 kun davomida nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun tinglovchilar “Imo-ishora tili” malaka oshirish kursida mutaxassislardan 28 ta mavzuda o‘zbek tilidagi imo-ishoralarni o‘rgandi.

Kurslar davomida ular daktil va imo-ishora tilining tuzilishi, o‘ziga xosligi haqida kurs ishtirokchilarida aniq tasavvur hosil qilish hamda bu nutq shaklidan amaliyotda foydalanishni o‘zlashtirdi.

Jumladan, intellektual faoliyat, tanishuv, kasb-hunar, yo‘l harakati, kiyim-kechak, lavozim, maktab anjomlari, tibbiyot, oshxona jihozlari, sport, tabiat, huquq va qonun kabi mavzularga doir so‘zlarni imo-ishora tili orqali ifodalash hamda aktyorlik mahorati bo‘yicha darslar tashkil etilib, qo‘shiq va she’rlarni imo-ishora tiliga tarjima qilish ko‘nikmasini egallashdi.

Shuningdek, kurslarda har bir mavzu asosida trening mashqlar tashkil etilib, keys texnologiyasidan keng foydalanildi.
Kurs yakunida tinglovchilardan daktilda diktant hamda yakuniy nazorat ishi olindi. Qirq nafar tinglovchining barchasi kursni muvaffaqiyatli yakunladi. Ularga imo-ishora tilida seminar-trening tashkil etish huquqiga ega bo‘lgan sertifikatlar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA