Imkoniyatlar va muammolar muhokama qilindi
Toshkent viloyati hokimligida hududda yetishtirilayotgan paxtani qayta ishlash jarayonlari, mavjud imkoniyatlar hamda bu boradagi muammo va kamchiliklarni muhokama qilish maqsadida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentning hududiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Ravshan Gulyamov va viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.

Unda bank-moliya muassasalari vakillari, tegishli organ xodimlari, yengil sanoat va to‘qimachilik sohasi rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi. Muloqotda paxta xomashyosini to‘liq qayta ishlash, mahalliy salohiyatdan samarali foydalanish, to‘qimachilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bu yo‘nalishdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohadagi barqaror ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalalari muhokama etildi. Uchrashuvda tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammo va takliflarni bildirdi. Xususan, xomashyo yetishtirish va qayta ishlash zanjiridagi qiyinchiliklar, kredit va moliyaviy resurslardan foydalanish, eksport jarayonlarini soddalashtirish kabi masalalar ko‘tarildi.

Uchrashuv yakunida sohadagi islohotlarni jadallashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va viloyatda to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berildi.
A.Musayev, O‘zA.