Imkoniyatlar izlanishga undaydi
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Buxoro davlat universiteti Kuzatuv Kengashi a’zosi - Vladimir Norov Buxoro davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab u universitet rektori Obidjon Xamidov hamrohligida talabalar ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Vladimir Norov yangi tashkil etilgan universitet Axborot resurs markazida bo‘ldi.
Shuningdek, Raqamli iqtisodiyot va inson resurslarini rivojlantirish IT markazida universitetda faoliyat yuritayotgan UNIWORK raqamli platformasi bilan tanishar ekan, markaz xodimlariga jahon sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘zlashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalarni berdi.

BuxDU biznes aksellerator binosida faoliyat yuritayotgan RobotsAndME robototexnika markazining faoliyati bo‘yicha taqdimot qilindi.
Yangidan tashkil etilgan Axborot texnologiyalari fakulteti o‘quv xonalari ko‘zdan kechirildi.

Uchrashuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar, universitetning ta’lim jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini samarali amalga oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar yuzasidan takliflar tinglandi. Shuningdek, ta’lim jarayonini takomillashtirish va strategik rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, oliy ta’limni rivojlanishiga ko‘maklashuvchi yangi shakl, dastur va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kerakligi qayd etildi.

Ilmiy ishlanmalar natijalarini amaliyotga samarali joriy etish, o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida hamkorlik kelishuvlarini tuzish amaliyotini rivojlantirish va ularni amalga oshirish, ta’lim va fan sohasida xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishga qaratilgan fikrlar bildirildi. Zero, bugungidek sharoit va imkoniyatlar yoshlarni izlanishga undaydi.
Zarif Komilov, O‘zA