Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da huquqi cheklanmagan
Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasidagi 106-referendum uchastkasida Darg‘om mahallasida yashovchi 1302 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Jumladan, ko‘zi ojizlar yotoqxonasida yashovchi 353 nafar imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz mazkur uchastkada ovoz beradi. Ular ham erta tongdan uchastkaga kelib, o‘z konstitutsion huquqidan foydalanmoqda.

– Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun ham uchastka binosida zarur sharoit yaratilgan, – deydi uchastka komissiyasi raisi Avaz Ziyoyev. – Ular shu yerda brayl alifbosida chop etilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va boshqa axborot materiallari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ovoz beruvchilar sonidan kelib chiqib, brayl alifbosidagi byulletenlar olganmiz. Fuqarolarning istagiga ko‘ra, ovoz berishni ular yashab turgan joyda ham tashkil etishimiz mumkinligi haqida aytganmiz.

– 28 yildan beri ko‘zi ojizlar yotoqxonasida yashayman. Jismoniy imkoniyatim cheklangan bo‘lsa-da, jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi sifatida saylov va referendumlarda faol ishtirok etaman, – deydi Sherali Naymanov. – Bugun ham qo‘shnilarim bilan referendumda ishtirok etish uchun keldik. Maxsus byulletendan foydalanib, osongina ovoz berdik. Bunday qulaylikdan juda mamnunmiz.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA