“Iloq” etnofestivali taassurotlarga boy bo‘ldi
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi O‘rg‘ozsoy kengliklarida an’anaviy “Iloq” etnofestivali o‘tkazildi.

Mamlakatimiz folklor san’atida Ohangaron tumani va unga tutash hududlarda yashovchi aholining o‘ziga xos ijodiy o‘rni bor. Tarixdan ma’lumki, Iloq — davlatchiligi asriy ildizlarining yaqqol ifodasi bo‘lgan qadimiy madaniyat markazi bo‘lgan. U o‘zining boy konlari bilan butun Sharqda mashhur bo‘lgan. Bu hududda milliy hunarmandchilik, bog‘dorchilik keng rivojlanib, Buyuk ipak yo‘li madaniyatida alohida o‘rin tutgan. Bu bebaho tarixni xalqimizga, yoshlarga yetkazishda an’anaviy “Iloq” etnografik festivalining o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Mazkur festival Toshkent viloyati hokimligi, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, Ohangaron tumani hokimligi, O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri, “ZOOM-Proyekt” jurnali hamkorligida, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi g‘oyasi bilan beshinchi marta o‘tkazildi. “Iloq” etnografik festivalida ishtirokchilar qadimgi Iloq davlatining tarixiy urf-odatlari, odamlarning yashash tarzi, madaniyatidan zavq olib, folklor ansambllar, dorbozlarning chiqishlari, teatr ustalarining badiiy mahoratlariga guvoh bo‘ldi. Konsert dasturlari, maydon tomoshalari, qolaversa, gastro, etno, sport turizm imkoniyatlaridan bahra oldi.

– Festival daragini eshitib Piskentdan keldik, – deydi festival ishtirokchisi Ilyosbek Xolboyev. – Bu yerda ajoyib maydon tomoshalari, xalq o‘yinlari, folklor san’atimizning noyob namunalari, shuningdek, mintaqaning boy va betakror urf-odat va an’analarini ifoda etuvchi asori-atiqalariga, hunarmandchilik ko‘rgazmalariga bevosita guvoh bo‘lib, bir olam taassurotlar oldik. Ayniqsa, farzandlarimizga juda manzur bo‘ldi.

Festivalga kelganlar dilkash gurunglardan bahramand bo‘ldi.
A. Musayev, O‘zA.