Ilmiy kotiblar uchun seminar
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi – OAK tomonidan ilmiy kotiblar uchun seminar o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, OAK tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini nizomlar talablari asosida tashkil qilish, ilmiy darajalar berishda talablarning yagonaligini ta’minlash, faoliyatda har qanday salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 4 ta ilmiy kengash faoliyati tugatildi. Bir nafar ilmiy kengash raisi faoliyatni tegishli ravishda tashkil qila olmagani, tegishli ilmiy kotiblar kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli vazifasidan ozod etildi.
–Ilmiy kengashlar faoliyatida ilmiy kotiblarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliyev. – Attestatsiya ishlariga doir barcha hujjatlarning me’yoriy-texnik ekspertizadan o‘tkazilishi, avtoreferatlarning rasmiylashtirilishi va taqdim etilishi, shuningdek, talabgorlar bilan bevosita muloqotlar ham ular tomonidan amalga oshirilishini inobatga olsak, masalaning mohiyati yanada chuqurroq anglashiladi. Seminarda mazkur faoliyat bilan bog‘liq dolzarb masala va muammolar tahliliy-tanqidiy muhokama qilinishi maqsad qilingan.
Shuningdek, tadbirda ilmiy kotiblarning xizmat vazifalari bilan bog‘liq mas’uliyat va vazifalari alohida ta’kidlanib, ular o‘z faoliyatlarini tegishli nizomlar talablari asosida bajarishi, vazifalar ijrosiga jiddiy yondashishi lozimligi ta’kidlandi. Dissertatsiya himoyasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish yoki boshqa hujjatlarni taqdim etishda kechiktirishga yo‘l qo‘ymasligi, attestatsiya tadbirlarini muddatida amalga oshirishi, faoliyatda har qanday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, talabgor va boshqa shaxslarga asossiz ma’lumotlar bermasligi hamda harakatsizlikka yo‘l qo‘ymasligi yuzasidan ogohlantirildi.
Ishtirokchilarga ilmiy kengashlar faoliyatini nizomlar talablari asosida tashkil qilish va talablarning yagonaligini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA