Ilmiy hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston va qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida nafaqat strategik va iqtisodiy, balki ma’naviy-ma’rifiy aloqalar ham izchil rivojlanib bormoqda. Ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik loyihalari ikki davlat yoshlari va olimlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ana shu yo‘nalishdagi amaliy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Guliston davlat universitetiga Qozog‘iston Respublikasining Almati texnologiyalar universiteti professorlari Galiya Iskakova va Asel Izmembayeva tashrif buyurishdi.
Mehmonlarni universitet rektori Murod Xodjiyev kutib oldi. Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat iqtisodiy sohalarda, balki ta’lim va innovatsion yo‘nalishlarda ham mustahkam rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Muzokaralar davomida ikki oliy ta’lim muassasasining faoliyati, ilmiy va innovatsion yutuqlari, xalqaro reytinglardagi ishtiroki, akademik mobillik imkoniyatlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Guliston davlat universiteti va Almati texnologiyalar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilmiy stajirovkalar tashkil etish hamda o‘quv jarayonlariga zamonaviy ilmiy yondashuvlarni tatbiq etishni ko‘zda tutadi.

Shu kuni qozog‘istonlik professorlar universitetning Ishlab chiqarish texnologiyalari fakultetida bo‘lib, kafedralar qoshidagi laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga universitetning moddiy-texnika bazasi, ilmiy salohiyati, oziq-ovqat texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hamda qayta ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Guliston davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilshod Eshmurodov mehmonlarga universitetning ilmiy-tadqiqot ishlari, yaratilayotgan startap loyihalar va xalqaro hamkorlik strategiyasi haqida so‘zlab berdi.
Tashrif doirasida qozog‘istonlik olimlar fakultet professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy-tadqiqot mavzulari bo‘yicha fikr almashdilar, talabalar uchun ochiq ma’ruzalar o‘tishdi hamda fakultet qoshidagi ilmiy markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri