Ilm-ma’rifatli, intellektual salohiyatli yoshlar – yurt tayanchi
Mamlakatimiz bo‘ylab «Yoshlar oyligi» tadbirlari ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari ham faol ishtirok etdi. Akademiyada joriy yilning noyabr oyidan boshlab «Oltin davrim» shiori ostida o‘tkazilgan talabalar oyligi doirasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi va armrestling turlari bo‘yicha «Ittifoq kubogi» musobaqalari, «Oltin davrim» shiori ostida talabalar sayli, «Trenerlar maktabi loyihasi», «Tafakkur egalari» kitobxonlik loyihasi, «Quest step by step» o‘yini, «Zakovat» intellektual o‘yinlari, «Yoshlar marafoni» musobaqasi, MUN (BMTning o‘zbek modeli) loyihasi, «Bilimdon dinshunos», «Islom tarixi bilimdoni», «Kibersport» kabi tanlov va musobaqalar tashkil etildi. Mazkur loyihalar doirasida jami 1320 nafardan ortiq talaba qamrab olindi.

Shu munosabat bilan bugun Akademiyada «Oltin davrim» shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar oyligi yakunlariga bag‘ishlangan «Sening tomiringda jadidlar qoni!» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
E’tirof etilganidek, har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta, davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida katta hajmdagi ishlar olib borilayotir. Ayni paytda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Tadbirda yoshlarni xalqimiz mentalitetiga yot, yosh avlod ongi va tafakkuri uchun zararli bo‘lgan salbiy ta’sirlardan himoyalash, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatishga qodir bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash eng muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Bayram davomida «Oltin davrim» shiori ostida o‘tkazilgan talabalar oyligi doirasidagi tanlov va musobaqalar g‘oliblari hamda yil davomida har tomonlama faol bo‘lgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Talabalar oyligi davomida sport musobaqalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 8 ta jamoa, ko‘rik-tanlov va musobaqalarda g‘olib bo‘lgan 15 nafar talaba, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda «Yoshlar teatr studiyasi»da faol bo‘lgan 41 nafar talaba, jami 84 nafar talaba diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, mazkur 84 nafar talabaga tegishli tartibda bazaviy stipendiyaning bir baravari miqdorida rag‘batlantirish mablag‘lari to‘lab berilishi rejalashtirildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng talabalar ijrosida «Kelinlar qo‘zg‘oloni» filmining teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi, milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat musiqiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA