Ilm – ma’rifat chirog‘i
Bugungi tahdidlar kuchaygan zamonda asl qadriyatlarni saqlab, yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirishning samarali yo‘li nimada?
Har narsa o‘z aslicha go‘zal. Asliyatga putur yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Shu ma’noda millatni millat sifatida shakllantiradigan, uning bor mahobatini namoyon etadigan eng asosiy omil ma’naviyatdir. Biroq ma’naviyat ham turli xavf va xatarlardan holi emas. Negaki, g‘oyaviy xurujlar avj olgan bugungi murakkab zamonda eng shafqatsiz va yashirin hujum aynan ma’naviyat va ma’rifatgadir. Biroq ma’naviy poydevori mustahkam, ma’rifiy qurollari kuchli millatlar asl ma’rifatini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladilar. Xususan, o‘zbek millati ham ma’naviyat karvonining azaliy sarbonidir. Bu shunchaki balandparvoz xulosa emas, balki tarix chig‘irig‘idan o‘tgan mo‘’tabar haqiqatdir. Ha, bu haqiqat chinakamiga mo‘’tabar. Buning isboti bugun ham tafakkurli insonlarning ko‘zgusida akslanmoqda.
Afsuski, qadriyatlarimiz qaddini bukishga, ma’rifatimiz chashmasini loyqatishga urinayotgan unsurlar ham yo‘q emas. Bunday unsurlarning ta’siri muqaddas tuproq, muhtaram ota-ona kabi tushunchalar mohiyatini to‘laqonli anglashga intilmayotgan ayrim yoshlar orasida sezilmoqda. Vaholanki, ushbu ikki omil ma’naviyat chirog‘ining eng yorqin shu’lalaridandir. Albatta, bunday yoshlarni ham mutlaqo ayblash fikridan yiroqmiz. Zotan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bugun atrof bamisli to‘lqinlari turli tomonga shiddat bilan mavj urayotgan dengiz kabidir. Bunday murakkab vaziyatda munosib oqimda suzish ham aslida mushkul jarayon. Shuni hisobga olgan holda yoshlar ongiga ma’naviyatimiz daraxtini chuqurroq ildiz ottirishimiz talab etiladi. Shundagina bugungi islohotlar, vatanimiz kelajagi yo‘lida qo‘yilayotgan muhim qadamlar mohiyatini yoshlarimiz teranroq anglay boshlashadi. Xususan, uzoqqa bormay yaqin tarixdagi jadidlar va ularning qarashlarini munosib targ‘ib qila olsak, ma’rifat qo‘rg‘oni naqadar ulug‘ va aziz ekanligi oydinlashadi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi maqsadlarning negizida avvalo ma’naviyatimiz jozibasini asrash, boy ma’rifiy merosimizni kelajak avlodga sof holda yetkazish mujassamdir. Bu davlatimiz rahbari ilgari surayotgan tashabbuslarda ham o‘z aksini topmoqda. Masalan: “Jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Uni qancha ko‘p o‘rgansak, bugun bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz”. Prezidentimiz o‘z nutqlaridan birida shunday degan edi. Darhaqiqat, biz ishora qilayotgan, ma’naviyatimiz uchun xavfli bo‘lgan unsurlar jadidlarimizni ham jiddiy tashvishga solgan. Ular shunday unsurlarga qarshi kurashda hatto o‘z hayotini tikkanlar. Biz bularni chuqur o‘rgansak, aniq chora ko‘rish imkoniga ega bo‘lamiz. Masalan, erkinlik, inson huquq-manfaatlarining munosib himoyasi va bolalarning huquqlari himoyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ayni jadidlarning orzu va g‘oyalarida mujassam. Biroq bunga bizning munosabatimiz va yondashuvimiz qanday bo‘lmog‘i kerak? Shu muhim jihat. Aytaylik, o‘z huquqlarini yaxshi anglagan farzand ota-onasiga bo‘ysunmasligi kerakmi? Yoki muqaddas zamin, vatani uchun jon kuydirmasligi kerakmi? Bunday og‘riqli masalalarga aynan ma’rifatparvar bobolarimiz meroslarida yechimlar mavjud.
Xulosa qilib aytganda, millatning ma’naviy olami hamisha musaffo va aslicha saqlanishi shart. Ya’ni insoniyat turmushi uchun yaratilayotgan qulayliklar ham, ijtimoiy qoidalar ham qadriyatlarning buzilishiga sabab bo‘lmasligi lozim. Zotan, har qanday qonun negizida faqat ma’rifat mujassamdir. Buni anglash va hayotimizga to‘g‘ri tatbiq qilish uchun har birimiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz talab etiladi. Bunga birgina ilm, muntazam kitob o‘qish orqali erishishimiz mumkin. Zero, ulug‘larimiz aytganidek, ilm – ma’rifat chirog‘i.
Sherbek Islomov, O‘zA