Ilm-fan yutuqlari va jamiyat taraqqiyoti
Toshkent kimyo-texnologiya institutida kimyo, neft-gazni qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati innovatsion texnologiyalarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-texnikaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Toshkent kimyo-texnologiya institutida kimyo, neft-gazni qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati innovatsion texnologiyalarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-texnikaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi va Prezidentimizning shu yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, mutaxassislar, tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilm-fanning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mamlakatimiz ilmiy-texnik salohiyatni yuksaltirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi xamkorlikni mustahkamlash, ta’lim – fan – ishlab chiqarish integratsiyasi natijalarini tahlil etish, yangi texnologiyalarni sohaga tatbiq etish, malakali kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirishdan iborat.
Tadbirda milliy innovatsiya tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari, O‘zbekistonda innovatsiya faoliyatining hozirgi ahvoli va istiqbollari, ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlash, muhim tadqiqotlar va innovatsiya jarayonlarini kengaytirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z yuritildi. Kimyo-texnologiya, neft-gazni qayta ishlash, qurilish, metallurgiya, ekologiya va oziq-ovqat texnologiyalari sohalariga oid qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi.