Ilm-fan va ishlab chiqarish sohasida hamkorlik
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hayot davomida o‘qish” tamoyili haqida so‘z yuritilib, nazariya va amaliyot uyg‘unligisiz hech qanday natijaga erishib bo‘lmasligi, shuning uchun davlat idoralari va ishlab chiqarish su’bektlari hamda ta’lim jabhasidagi uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi alohida ta’kidlangan edi.
Mazkur tamoyil asosida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tizimdagi mutaxassislar va chorvachilik, baliqchilik hamda parrandachilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar mutaxassislarining malakasini uzluksiz oshirib borish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi.
Dasturga muvofiq, endilikda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik yo‘nalishlari bo‘yicha yil davomida maxsus o‘quv-seminarlari tashkil etib boriladi.
Jumladan, shu yilning 18-21 yanvar kunlari Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida soha olimlari, mas’ul mutasaddilar ishtirokida “Hududlarda intensiv usullarda baliq yetishtirish chorva mahsuldorligini oshirish va qishloq xo‘jalik hayvonlarining kasalliklari va ularni tezkor tashxislash” mavzusida o‘quv-seminarlari bo‘lib o‘tdi.

Seminarlarda jami 150 nafardan ortiq chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari hamda 500 dan ziyod mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘quv-seminari ishtirokchilariga Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan intensiv usulda chorva mahsuldorligini oshirish va baliq yetishtirish bo‘yicha infografik materiallar, bukletlar va tavsiyanomalar tarqatildi.
Seminar davomida tadbirkorlik subektlari tomonidan qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari to‘liq tushunchalar berib kelgusida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Axborot xizmati