Ilhom buloqlari qaynamoqda
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalari va ijodkorlar uchrashuvi o‘tkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalari va ijodkorlar uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va ʼʼNotiqlik san’ati akademiyasi“ ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari, faxriy mehmonlar, yozuvchi-shoirlar, institut rahbariyati va ijodkor talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqanlar kitobxonlik, kitob mutolaasi va bugun yosh ijodkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi. Uchrashuv davomida institut talabalari ijodiga mansub “Ilhom buloqlari“ kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
– Kitob mutolaasi insonni ezgulikka chorlaydi. Ruhini poklab, dunyoqarashini o‘stiradi, eng muhimi, tafakkur olamini kengaytirib erkin fikrlashga chorlaydi, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Salimov. – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti nafaqat yurtimizda, qolaversa, xalqaro miqyosda ham o‘z o‘rniga, nufuziga ega. Ushbu to‘plam ijodkor yoshlarning o‘z so‘zini ayta olayotgani va kelajak tomon dadil qadam tashlayotganidan dalolat.
Kitob institut rahbariyati homiyligida chop etilgan. Undan o‘rin olgan ijod namunalari bunyodkor xalqimiz, jonajon vatanimiz, ustozlar va ota-ona mehri mavzulariga bag‘ishlangan. To‘plamga 21 nafar yoshning nazmiy va nasriy ijodiy ishlari kiritilgan.
– Kasb nuqtai nazaridan irrigatsiya yo‘nalishi bo‘lsa-da, san’atga muhabbat, nazm-u nasrga mehri bois, o‘z tuyg‘ularini, taassurot va kechinmalarini badiiyat tili bilan ifodalashga harakat qilgan iste’dod uchqunlarining ijod namunalari vaqtli matbuotda, gazeta va jurnallarda ham muntazam chop etilib kelinadi. Endilikda talabalarning ijod namunalari alohida majmua sifatida nashrga tayyorlandi. Bu ayni paytda ta’lim muassasamiz tashkil etilganligining 85 yilligi oldidan munosib tuhfa bo‘ldi, – dedi institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov.
Tadbir nazm va navo shaklida davom etdi. Vatanni tarannum etuvchi, yurtni ulug‘lovchi she’rlar o‘qildi. Jonli ijroda kuylangan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz ulashdi. Yosh ijodkorlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.