Ilg‘or tibbiy texnologiyalar asosida
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali 50 statsionar o‘rin hamda 50 qatnovga moslashgan.
Zamonaviy diagnostik tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan muassasa yil davomida qariyb 20 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Joriy yil fevral oyidan hozirga qadar filial shifokorlari Respublika davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi olis hududlarda yashovchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 250 nafar ko‘z kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda imtiyozli ravishda jarrohlik amaliyotini amalga oshirdi.
- Shuningdek, maslahat poliklinikamizda dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan, qandli diabet, yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda ko‘zdagi o‘zgarishlarni aniqlash uchun OST (optik kogerent tamogrof), ko‘z olmasi UTT A/B (ultratovush tekshiruvi) va UBM (ultra biomikroskop) tekshiruv apparatlaridan samarali foydalanib kelinmoqda, - deydi filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Jahongir Safarov. - Bundan tashqari lazer xirurgiyasi bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda eng ilg‘or tibbiy texnologiyalar asosida lazer jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
[gallery-8295]
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA