Ilg‘or pedagoglar mahorati sinovdan o‘tdi
Guliston shahridagi Yoshlar markazida maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2026” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tanlov sohada faoliyat yuritayotgan tashabbuskor, izlanuvchan va zamonaviy yondashuvga ega pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish hamda kasbiy mahoratini baholashga qaratildi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar test sinovlari, loyiha taqdimotlari, ochiq mashg‘ulotlar va kasbiy-pedagogik salohiyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Ayniqsa, bolalar bilan ishlashda innovatsion yondashuv, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish va interaktiv usullardan samarali foydalanish hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. “Eng yaxshi direktor o‘rinbosari” nominatsiyasida Sirdaryo tumani 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining o‘rinbosari Maftuna Emenova g‘olib deb topildi.
“Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi” nominatsiyasida Sirdaryo tumani 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Munisa Hosilova, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasida esa Mirzaobod tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Sahobat Allamurodova birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Oqoltin tumani 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Mushtariy Asqarova “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, Boyovut tumani 23-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nargiza Bobonazarova “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-29400]
“Ma’naviy qadriyatlar tarbiyachisi” nominatsiyasida Boyovut tumanidagi 30-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Aziza Savranova eng yuqori bahoga loyiq ko‘rildi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda esa Boyovut tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulorom Egamqulova “O‘yin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi”, Mirzaobod tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulmira Qarshiboyeva esa “Eng namunali tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lishdi.
Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA