Ikki hudud o‘rtasidagi muloqotning yangi sahifasi ochildi
Koreya Respublikasi Kyonsan-pukto provinsiyasi Andong shahri deputatlar kengashi raisi o‘rinbosari Son Kvan Yon boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoro viloyatiga tashrifi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni hududlar darajasida yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif avvalo ikki hududning mavjud salohiyati, boshqaruv tajribasi va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini bevosita o‘rganishga qaratildi. Koreyalik mehmonlar viloyat hokimligining Raqamli boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishib, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, aholi murojaatlari bilan ishlash va hududni boshqarishda raqamli yechimlardan foydalanish tajribasiga e’tibor qaratdilar.
Tashrifning muhim qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov, viloyat Kengashi raisi J. Ashurov, viloyat Kengashi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv bilan davom etdi.
Muloqotda bugungi kunda O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutayotgan hududlararo hamkorlikni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy hududlarning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, mamlakat hududlarining xorijiy sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar bugun o‘zining amaliy samarasini hududlararo muloqotlarda ham namoyon etmoqda. Zero, zamonaviy diplomatiya endi faqat poytaxtlar o‘rtasidagi muloqot bilan cheklanmay, viloyat va shaharlar darajasidagi amaliy hamkorlikni ham qamrab olmoqda.
Uchrashuvda Buxoro va Andong o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, mahalliy Kengashlar o‘rtasida tajriba almashish va institutsional hamkorlikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, turizm, madaniyat va gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik uchun imkoniyatlar keng ekani ta’kidlandi. Koreyaning ilg‘or agrotexnologiyalari, suv va resurs tejamkor usullari, qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan ishlab chiqarish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi tajribasi Buxoro viloyati uchun amaliy ahamiyatga ega.

Uchrashuvda mahalliy Kengashlar o‘rtasidagi hamkorlikka ham alohida urg‘u berildi. Bu esa O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlar, jumladan, mahalliy vakillik organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yondashuvlar bilan hamohangdir.
Umuman, Koreya delegatsiyasining Buxoroga tashrifi ikki hudud o‘rtasidagi muloqotning yangi sahifasini ochdi. Bu tashrifni iqtisodiy manfaatlar uyg‘unligi, tajriba almashinuvi va madaniy yaqinlikni bir nuqtada birlashtirgan muhim muloqot sifatida baholash mumkin.
Eng muhimi, bugun Buxoro va Andong o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik nafaqat ikki hudud, balki O‘zbekiston — Koreya munosabatlarining hududlararo darajadagi amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Istiqbolda bu muloqot yangi investitsiyaviy loyihalar, qo‘shma tashabbuslar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri