Ijtimoiy xizmatlar yuzasidan trening
Termizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishda ijtimoiy ish amaliyotini qo‘llash va keys-menejment asoslari” mavzuiga bag‘ishlangan trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Unda Termiz shahri, Termiz, Muzrabot, Uzun tumanlari mahallalaridagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, ijtimoiy xodimlar va patronaj hamshiralar ishtirok etdi.

Prezidentimiz joriy yilning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mahallabay ishlash tizimi faoliyati yuzasidan sektor rahbarlarining axborotini tinglab, “yettilik” ishini namunali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab bergan edi. Mazkur trening mashg‘ulotlarida ham “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, ularning vazifa va majburiyatlarini tushuntirish, barcha ishlarni namunali yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr almashildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda joylarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani inson manfaatlari ustuvorligiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasi ekani xususida so‘z yuritildi.


Uch kun davom etgan mashg‘ulotlarda tajribali mutaxassislar oilalar va bolalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishida ijtimoiy ish va keys-menejment amaliyotini qo‘llab, ijtimoiy xodim bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydigan mashg‘ulotlar o‘tkazdi va ularni o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda joriy etish tavsiya qilindi.Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri