Ijtimoiy tarmoqdagi “qarmoq”
U. B. avval ham bir necha bor sudlangan. 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
U. B. avval ham bir necha bor sudlangan. 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Toshkent shahar sudining ajrimi bilan hukm o‘zgartirilib, 5 yil muddatga qisqartirilgan. Tayinlangan jazoni to‘liq o‘tagan bo‘lsa-da, to‘g‘ri xulosa chiqarmagan bu yigit yana bir bor sudning qora kursisiga o‘tirdi.
Bu safar u giyohvand modda bilan qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘zi iste’mol qilishi uchun olgan sintetik giyohvand moddasini u ijtimoiy tarmoq orqali xarid qilgan. U “Telegram” tarmog‘i orqali “vivobravo” profilini ishlatadigan noma’lum shaxsdan giyohvand vositasini so‘raydi.
Noma’lum shaxs unga giyohvandlik vositasini sotib olish uchun elektron ravishda pul to‘lashi kerakligini aytgandi. U kelishilgan mablag‘ni “Telegram” messenjeri orqali yuborilgan telefon raqamga o‘tkazadi.
So‘ngra ushbu noma’lum shaxs unga sonlardan iborat bo‘lgan parolni tashlab beradi. Ushbu parol giyohvandlik vositasi turgan joyning koordinati bo‘lib, u ushbu sonlarni “Google map” dasturiga kiritib, joyni aniqlaydi.
O‘sha kuni tanishlari S. I. va N. B. bilan ko‘rishib, biror bir ko‘ngilochar joyga borishga kelishadi. Shunda u avval amakisidan pul olishi lozimligini aytib, belgilangan joydan “vivobravo” profilidan foydalanuvchi noma’lum shaxs tashlab ketgan giyohvandlik vositasini oladi. Sudda guvohlik berishicha, sheriklari bundan bexabar bo‘lishadi…
Sudda barcha qilmishlarini bo‘yniga olgan “qahramonimiz” tayinlangan jazoni yengillatishni iltimos qildi.
Bunday ishlarning barchasining zamirida tarbiyaning sustligi yotadi.
Kimdir noilojlikdan jinoyat qilsa, kimlardir to‘qlikka sho‘xlikdan sodir etadi. Ogoh bo‘laylik, ota-onalar! Farzandlarimizni nazoratsiz qoldirmaylik. Chunki nafaqat biz ota-onalarning, balki butun jamiyatning kelajagi ularning qo‘lida. Shunday ekan, kelajagimiz ishonchli qo‘llarga o‘tishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik.
Temur KASIMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Yakkasaroy tuman sudi sudyasi